O‘zbekistonda har 100 ming kishiga qancha jinoyat to‘g‘ri keladi? IIV rahbari javob berdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda joriy yilning olti oyi ichida 45 mingdan ortiq jinoyat sodir etilgan, shulardan 217 tasi qotillik. Bu haqda kecha, 30 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisida Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov ma’lum qildi

Po‘lat Bobojonovning ta’kidlashicha, joriy yilning 6 oyida sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 95,3 foizi fosh etilgan, qidiruvdagi 1 ming 833 nafar shaxs ushlangan. Bedarak yo‘qolgan 218 nafar shaxs topilgan. Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan mazkur davrda 15 ming 434 ta jinoyatlar aniqlagan.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 6 oyida respublika miqyosida sodir etilgan umumiy jinoyatlar soni 45 630 tani tashkil etib, har 100 ming aholiga o‘rtacha 132 tadan to‘g‘ri kelgan. 2020 yilga nisbatan 111,9 foizga ortgan.

Ushbu ko‘rsatkich Toshkent shahriga 383,3 tadan, Farg‘ona viloyatiga 223,4 tadan, Toshkent viloyatiga 168,4 tadan, Sirdaryo viloyatiga 151,4 tadan to‘g‘ri keladi. 

Bobojovning so‘zlariga ko‘ra, oldi olinishi mumkin bo‘lgan 217 ta qotillik, 4 137 ta tan jarohati yetkazish, 135 ta bosqinchilik, 1 100 ta bezorilik, 7 618 ta o‘g‘rilik, 9 439 ta firibgarlik jinoyati sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Bundan tashqari, jami 5 837 nafar, hususan, Andijon (1 130), Toshkent (709), Farg‘ona viloyatlari (602) va Toshkent shahrida (595 nafar) ishsizlar tomonidan jinoyatlar sodir etilgan. Ushbu holatlar joylarda aholining bandligini ta’minlash ishlari samarasiz tashkil etilganligidan dalolat beradi.

Ichki ishlar vazirining ma’lum qilishicha, ushbu 6 oy ichida oilaviy munosabatlar doirasida sodir etilgan jinoyatlarning 77 tasi qotillik, 798 tasi tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlardir.

Shu bilan birga, oilaviy nizolarga o‘z vaqtida barham berilmaganligi oqibatida 9 ming 575 ta oila-turmush munosabatlari doirasidagi huquqbuzarliklar sodir etilib, ularning aksariyati, ya’ni 70 foizi Toshkent shahar, Toshkent, Farg‘ona, Qashqadaryo, Andijon viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning muammolari to‘liq hal etilmasdan kelinayotganligi oqibatida joriy yilning birinchi yarim yilligida 3 ming 236 nafar xotin-qiz tomonidan 1 ming 163 ta jinoyat sodir etilgan.

Majlisda senatorlar tomonidan aholi o‘rtasida jinoyatchilikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Shuningdek,mazkur masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

64

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing