O‘zbekistonda haqiqiy kuz qachon boshlanishi aytildi

Bu qiziq

image

Umumiy taqvimga muvofiq sentyabr oyining boshlanishi kuz faslining kirib kelganini bildiradi. Ammo O‘zbekistonda haqiqiy kuz fasli nisbatan kechroq boshlanadi. Xo‘sh, haqiqiy kuz fasli Respublika hududida qaysi sanadan boshlanadi? Ushbu mavsumda O‘zbekiston bo‘ylab qanday ob-havo kuzatiladi? Mazkur savollarga Gidrometeorologiya xizmati markazi javob berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda kuzning boshlanishi iqlim sharoitiga ko‘ra, taqvim sanalariga mos kelmaydi. Sentyabr oyi taqvim bo‘yicha kuz oyi deb hisoblansada, lekin O‘zbekistonda kam bulutli va quruq ob-havoda o‘tadi. Faqat yoz fasliga qaraganda qulayroq harorat foni ustun turadi.

Iqlimshunos olimlarning fikricha, O‘zbekistonda kuz aslida o‘rtacha kecha-kunduzlik havo harorati 20 darajadan pastga tushganda boshlanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston hududining katta qismida o‘rtacha kecha-kunduzlik havo harorati sentyabr oyining so‘nggi o‘n kunligida 20 darajadan pastga tushadi, ammo oy oxirigacha ushbu ko‘rsatkichga yaqin bo‘lib turadi.

Sentyabr oyida yog‘ingarchilik yilning eng quruq oyi – avgust oyiga nisbatan biroz ko‘p bo‘ladi. Hududning katta qismi bo‘yicha oylik yog‘ingarchilik miqdori kamroq bo‘lib, 2-5 millimetrni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich janubda va cho‘l hududlarida esa yanada pasayadi.

“Oktyabr oyida kunlar qisqara boshlaganda, harorat pasayishi sezilarli bo‘lib, yomg‘ir tez-tez yog‘ganda haqiqiy kuz boshlanadi. Albatta, sentyabr oyidagi ob-havo sharoiti har doim ham iqlimiy, ya’ni o‘rtacha ko‘p yillik sharoitlarga mos kelmaydi. Ayrim yillarda yog‘ingarchilik me’yoridan 2-3 marta ko‘p yoki oyning o‘rtacha harorati me’yoridan 1-1,5 darajaga past bo‘ladi. Ammo bunday sentyabr oylari kam, o‘rtacha har 6-8 yilda bir marta kuzatiladi”, deyiladi O‘zgidromet taqdim etgan ma’lumotda.

Ta’kidlanishicha, oktyabr va ayniqsa noyabrda o‘rtacha havo harorati yanada yuqori tezlikda pasayishda davom etadi. Yog‘ingarchilik tez-tez va ko‘proq miqdorda bo‘ladi. Noyabr oyida va kamdan-kam hollarda oktyabr oyida harorat salbiy qiymatlargacha pasayadi va nafaqat yomg‘ir, balki qor ham yog‘adi.

O‘zbekistonda kuz o‘rtacha kecha-kunduzlik havo harorati 5 darajagacha pasayganga qadar davom etadi. Hududning katta qismida bu taqvim sanalariga mos bo‘lib, noyabr oyining eng oxirida sodir bo‘ladi. Biroq Respublikaning shimolida "iqlimiy kuz" noyabr oyining birinchi o‘n kunligida tugaydi. Ammo eng chekka janubda esa deyarli dekabr oyining oxirigacha o‘rtacha kecha-kunduzlik harorat 5 darajadan yuqori bo‘lib qoladi.

“Ushbu hafta oxirigacha Respublika hududi bo‘yicha ob-havo sharoitida deyarli o‘zgarishlar kutilmaydi. Keyingi haftada ob-havo yomonlashishi mumkin, ammo bu qisqa muddatli bo‘ladi. Shuni aytish joizki, sentyabr oyining o‘rtasi bo‘lishiga qaramay, O‘zbekistonda "iqlimiy yoz" davom etmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan agentlik.


Maqola muallifi

Teglar

ob-havo kuz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing