O‘zbekiston JCHdagi yurishini boshlamoqda
Sport
−
17:20 1842 2 daqiqa
Ertaga, 18 iyun kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatidagi ilk uchrashuvini o‘tkazadi. Debyut bahsda Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoa Kolumbiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 07:00 da Meksikadagi “Asteka” stadionida start oladi.
Nestor Lorenso boshchiligidagi Kolumbiya terma jamoasi so‘nggi yillarda barqaror natijalar qayd etgan asosiy tarkib o‘zagini saqlab qolgan. Luis Dias, Xames Rodriges, Jefferson Lerma va Jon Kordoba jamoaning asosiy yetakchilari hisoblanadi. Kolumbiya Janubiy Amerikadagi eng muvozanatli tarkiblardan biriga ega jamoalar qatorida ko‘riladi. Ular ham to‘p nazorati, ham tezkor qarshi hujumlarda samarali o‘yin ko‘rsata oladi. Jamoaning asosiy hujum sxemalari Luis Dias orqali chap qanotdan tashkil etiladigan tezkor reydlar va Xames Rodrigesning markazdagi ijodkor qarorlariga tayanadi.
Fabio Kannavaro boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma olgan holda turnirga tashrif buyurmoqda. Jamoa asosan Yevropada to‘p suradigan futbolchilarga tayanadi. Eldor Shomurodov, Abduqodir Husanov va Abbosbek Fayzullayev kabi yetakchilar jamoaning asosiy tayanchi bo‘lishi kutilmoqda.
O‘zbekiston terma jamoasida o‘yin oldidan ayrim yo‘qotishlar ham mavjud. Xususan, Jaloliddin Masharipov jarohat sababli turnirni o‘tkazib yuborishi ma’lum qilingan. Shuningdek, asosiy tarkib futbolchilaridan biri hisoblangan Hojiakbar Aliqulovning holati to‘liq aniq emas. Uning Kolumbiyaga qarshi o‘yinni asosiy tarkibda boshlashi ehtimoli past ekani aytilmoqda.
O‘zbekiston uchun bu uchrashuv tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, jamoa o‘zining ilk mundial bahsida kuchli raqibga qarshi sinovdan o‘tadi. Kolumbiya esa tajriba va individual mahorat jihatidan ustun jamoa sifatida bahoga kirmoqda.
Live
Barchasi