O‘zbekiston Jahon chempionatidan qancha ishlab oladi?
Sport
−
09 iyun 33088 2 daqiqa
Futbol bo‘yicha 2026 yilgi Jahon chempionatiga yo‘l olgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi faqatgina turnirga tayyorgarlik uchun 1,5 mln dollar olishi mumkin. Oxirgi, 2022 yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan mundialda jamoalarga ajratilgan pullardan kelib-chiqib, QALAMPIR.UZ O‘zbekiston navbatdagi Jahon chempionatidan qancha daromad olishi mumkinligini o‘rgandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda Qatar yashil maydonlarida o‘tgan mundialning umumiy sovrin jamg‘armasi 440 million dollar bo‘lgan. Shundan 1,5 million dollar jamoalarning turnirga tayyorgarlik ko‘rishi uchun berilsa, guruh bosqichida qatnashganlik uchun yana 9 million dollar to‘langan. Demak, ushbu musobaqaga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan har qanday jamoa 10,5 mln dollarni naqd qiladi.
Agar O‘zbekiston milliy terma jamoasi guruh bosqichida muvafaqqiyatga erishib, keyingi bosqich – nimchorak final masalasini hal qilsa, 13 million dollar oladi. Chorak final ishtirokchilariga esa 17 million dollar beriladi.
Shuningdek:
- 4-o‘rin egasi – 25 million dollar;
- 3-o‘rin egasi – 27 million dollar;
- final ishtirokchisi – 30 million dollar;
- turnir g‘olibi – 42 million dollarga ega chiqadi.
Shunday qilib, agar O‘zbekiston milliy terma jamoasi turnir g‘olibligini qo‘lga kiritsa, 42 million dollar daromad olishi mumkin.
Qayd etish joiz, mukofot pullari asosan stadion daromadlari, teleeshittirish huquqidan tushgan mablag‘lar, reklama va boshqa manbalar hisobidan ham keladi. Yillar davomida bu manbalarning hech birida pul oqimi pasaymagan. Yuqorida aytilganidek, 2022 yilgi FIFA Jahon chempionati g‘olibi 42 million AQSH dollari miqdoridagi mukofot pulini qo‘lga kiritgan. Bu esa 2018 yilgi musobaqaga nisbatan 4 million dollarga ko‘proq.
Qatar-2022 uchun ajratilgan umumiy mukofot jamg‘armasi 440 million dollarni tashkil etdi va bu 32 jamoa o‘rtasida taqsimlandi. Rossiya-2018 musobaqasida esa bu summa 400 million dollar bo‘lgan, shundan 38 million dollar finalda Xorvatiyani mag‘lub etgan Fransiyaga berilgan.
Jahon chempionatidagi mukofot jamg‘armasi har galgi turnirda oshib bormoqda. Masalan, 1982 yilda jami 20 million dollar 24 jamoa o‘rtasida taqsimlangan bo‘lsa, 2022 yilgi musobaqada bu ko‘rsatkich 22 barobar oshgan.
Bundan tashqari, jamoalar turnir davomida turli taniqli brendlar va kompaniyalar bilan hamkorlik qilishi va ulardan ham daromad olishi mumkin. Ushbu pullar ham mamlakat Futbol assotsiatsiyasi g‘aznasini ma’lum darajada boyitadi. Shuningdek, turnirda ishtirok etish mamlakat imijining tanilishiga ham ko‘maklashadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston MTJ ertaga, 10 iyun kuni Jahon chempionati saralashining so‘nggi o‘yinida Qatarga qarshi bahs olib boradi. Ushbu uchrashuvdan so‘ng “Bunyodkor” stadionida o‘zbekistonlik futbolchi va murabbiylarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Xususan, ularga BYD avtomobillari topshiriladi.
Live
Barchasi