O‘zbekiston yangilangan FIFA reytingida ikki pog‘ona yuqoriladi
Sport
−
04 aprel
6398Xalqaro futbol assotsiatsiyasi (FIFA) terma jamoalarning mart oyi yakunlariga ko‘ra reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi yangi reytingda 64-o‘rinni band etdi.
Srechko Katanets shogirdlari o‘tgan oydagi natijasini ikki pog‘onaga yaxshilab oldi. Hozirga kelib “oq bo‘rilar” hisobida 1386.58 reyting ochkosi mavjud.
O‘zbekiston terma jamoasi mart oyida Jahon chempionati saralashi doirasida Gongkong termasiga qarshi 2 ta o‘yin o‘tkazib, har ikki o‘yinda g‘alaba qozondi, bu esa jamoaning reytingda yuqorilashiga sabab bo‘ldi.
Ayni paytda O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo jamoalari ichida jadvalda 8-o‘rinda qayd etilgan. Osiyo qit’asidan eng yaxshi ko‘rsatkich Yaponiya terma jamoasiga tegishli bo‘lib, ular jadvalda 18-o‘rinni egalladi. O‘zbekistonning Jahon chempionati saralashi doirasidagi guruhdan o‘rin olgan raqibi Eron milliy terma jamoasi esa 20-o‘rinni band etdi.
FIFA reytingida hamon Argentina terma jamoasi yetakchilik qilmoqda. Kuchli beshlikka Fransiya, Belgiya, Angliya va Braziliya terma jamoalari kiritilgan.
LiveBarchasi