O‘zbekiston vayronkor zilzila yuz bergan Afg‘onistonga yordam yubordi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan Afg‘onistonga zilzila oqibatida jabr ko‘rganlarga yordam ko‘rsatish uchun navbatdagi insonparvarlik yordami yuborildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi Matbuot kotibi xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 25 iyun kuni oziq-ovqat mahsulotlari, birlamchi zarur predmetlar va medikamentlardan iborat jami 74 tonna yuk ortilgan samolyot Afg‘onistonga jo‘nab ketgan. 

Avvalroq, O‘zbekiston mingdan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘lgan kuchli zilziladan jiddiy zarar ko‘rgan Afg‘onistonga yordam berish niyatida ekanini bildirgandi. 

Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 iyun kuni Toshkent vaqti bilan 01:55 atrofida Afg‘onistonda zilzila sodir bo‘lgandi va bu O‘zbekistonning to‘rtta viloyatida ham sezilgandi. 

Afg‘onistonning sharqiy qismida yuz bergan zilzila oqibatida avvaliga 255 kishi halok bo‘lgani, kamida 150 kishi jarohat olgani haqida ma’lum qilindi. Keyinchalik esa qurbonlar soni 1000 nafardan ortib ketdi, jarohatlanganlar esa 610 kishiga yetdi.

Mamlakatni boshqarayotgan "Tolibon" harakati rahbari Haybatulloh Oxundzoda Xost va Paktika viloyatlarida yuz bergan zilzila munosabati bilan xalqaro tuzilmalardan yordam so‘radi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi zilzilaga munosabat bildirib, rasmiy Toshkent Afg‘onistonga tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda yordam berishga tayyorligini e’lon qildi.

Shuningdek, “Tolibon” Paktika va Xost viloyatlarida zilzila qurbonlariga yordam berish uchun 1 milliard afg‘oni (taxminan 11 million dollar) ajratishini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

94

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing