O‘zbekiston va Jazoir diplomatlar uchun vizasiz rejim joriy qiladi
Jamiyat
−
11 iyun 1753 2 daqiqa
Bugun, 11 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi hukumati o‘rtasida diplomatik pasport egalarini viza talablaridan o‘zaro ozod qilish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, Al-Jazoir shahrida Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Ahmad Attaf bilan samimiy va samarali muzokaralar o‘tkazilgan. Tor va keng doirada bo‘lib o‘tgan suhbat davomida O‘zbekiston va Jazoir o‘rtasidagi siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilingan.
“Jazoirni Afrika qit’asidagi muhim va istiqbolli sherik sifatida qadrlaymiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasida hali to‘liq ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjud. Biz tarixiy do‘stlikni amaliy sheriklik bilan boyitish, oliy va yuqori darajadagi muloqotlarni muntazam yo‘lga qo‘yish va qo‘shma loyihalarni kengaytirish tarafdorimiz”, deydi Saidov.
Uning ma’lum qilishicha, uchrashuvda xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, Qo‘shilmaslik harakati, BMT va boshqa ko‘p tomonlama platformalarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan.
“Mintaqaviy va xalqaro vaziyat yuzasidan ham fikr almashdik, xususan, Yaqin Sharqdagi vaziyatga alohida e’tibor qaratdik. Barqarorlikni ta’minlash va keskinlikni kamaytirishda vazminlik, muloqot hamda diplomatiyaning ahamiyatini ta’kidladik”, deydi O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri.
Muzokaralarimiz yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim hujjatlar imzolangan.
Jumladan:
- O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi hukumati o‘rtasida diplomatik pasport egalarini viza talablaridan o‘zaro ozod qilish to‘g‘risidagi bitim;
- O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi JIDU huzuridagi Diplomatik akademiya hamda Jazoir Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik va xalqaro munosabatlar instituti o‘rtasida anglashuv memorandumi;
Bildirilishicha, imzolangan hujjatlar mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy muloqotni faollashtirish, diplomatik aloqalarni kengaytirish va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Gonkong bilan vizasiz tartibni joriy etishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi