O‘zbekiston Yaponiya bilan strategik hamkor bo‘lmoqchi

Jamiyat

image
Yaponiya TIV rahbari Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi north_east

Yaponiya TIV rahbari Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi

Xabaringiz bor, Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Takesi Ivaya 26-27 avgust kunlari O‘zbekistonda bo‘ldi. U mamlakatga tashrifi davomida 27 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan o‘zaro oliy darajadagi hamkorlikning yangi formati – Yaponiya va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirlarining strategik muloqoti boshlanganini e’lon qildi va ushbu formatning birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Vazirlar yangi formatdagi birinchi yig‘ilish bo‘yicha 16 banddan iborat qo‘shma bayonot e’lon qildi.

Unda qayd etilishicha, vazirlar Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning erishilgan darajasi va izchil rivojlanishini inobatga olgan holda Strategik muloqotni tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini ta’kidlagan. Shuningdek, mazkur jarayon 2019 yil 19 dekabrda Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida “Strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risida”gi qo‘shma bayonot qabul qilinganidan keyin yangi sur’at kasb etgani qayd etilgan.

“Vazirlar Strategik muloqotning vazifasi ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va strategik sherikchilikni kuchaytirish, shuningdek siyosat, xavfsizlik, savdo, investitsiya, iqtisodiy xavfsizlik, jumladan, ta’minot zanjirining barqarorligi, energiya, oziq-ovqat, ishlab chiqarish, innovatsiya, sog‘likni saqlash, ta’lim, mehnat resurslarining mobilligi, madaniyat va insonlar o‘rtasidagi muloqot kabi sohalarda uzoq muddatli, konstruktiv, va o‘zaro foydali hamkorlikni yuksaltirish ekanligini ta’kidladi”, deyiladi hujjatdi.

Shuningdek, vazirlar o‘z idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab, bu oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqotni izchil davom ettirish, parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar va boshqa idoralar o‘rtasida o‘zaro almashinuvlarni faollashtirishga xizmat qilishini qayd etgan. Bu kabi muloqot va hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning dinamik rivojlanishi uchun muhim omil sifatida e’tirof etildi.

Takesi Ivaya va Baxtiyor Saidov Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikning kuchayganini olqishladi hamda savdo va investitsiyalar hajmini oshirish borasidagi katta va hali to‘liq ishga solinmagan salohiyat mavjudligini qayd etdi. Ular savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va uni diversifikatsiya qilish, sanoat va texnologiya sohasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlarini izlash, shuningdek, energetika, jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalari hamda transport va logistika infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishlarida sa’y-harakatlarni amalga oshirish masalasida yakdil fikr bildirdi.

“Vazirlar investitsiyaviy sheriklikni mustahkamlashga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi. Jumladan, Yaponiya kompaniyalarining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish, qo‘shma korxonalarni rivojlantirish hamda iqtisodiyotning ustuvor sohalariga zamonaviy yapon texnologiyalarini joriy etish masalalari qayd etildi”, deyiladi qo‘shma bayonotda.

Shuningdek, informatsion texnologiyalar, ta’lim, sog‘likni saqlash, ilm-fan, innovatsiya, yashil iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat, suv resurslarini boshqarish va aqlli shaharlar konsepsiyasi va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishda katta potensial borligi ta’kidlangan. Kadrlar almashinuvini kengaytirish va ikki xalq o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga o‘zaro qiziqish bildirilgan hamda madaniyat, sport, turizm, mintaqaviy almashinuvlar va diplomatik aloqalar sohasida hamkorlikni oshirish taklif qilingan. Ta’lim va inson resurslari sohasida, jumladan, ilmiy almashinuvlar, stipendiyalar sonini oshirish va yapon va o‘zbek tillarini o‘rganishni qo‘llab-quvvatlashda hamkorlikni chuqurlashtirish muhimligi qayd etilgan.

Vazir Ivaya O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy liberallashuv va demokratik transformatsiya kabi islohotlarni olqishlab, Yaponiyaning “Yangi O‘zbekiston” rivojlanish strategiyasini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini ta’kidlagan.

“Vazirlar xalqaro maydondagi hamkorlik har ikki mamlakat manfaatlariga xizmat qilishini e’tirof etdilar, hamda BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligini qayd etdi”, deyiladi hujjatda. 

Ikki davlat Tashqi ishlar vazirlari BMT Xavfsizlik Kengashini doimiy va doimiy bo‘lmagan a’zolar hisobidan kengaytirishni qo‘llab-quvvatlagan. Ular 2019 yil 19 dekabrda Yaponiya va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida qabul qilingan “Strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risida”gi qo‘shma bayonotni esga olgan va ikki mamlakatning umumiy strategik manfaatlari, shuningdek, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni himoya qilish maqsadida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan.

Shu bilan birga, vazirlar dunyoda tinchlik va rivojlanishni rag‘batlantirib turgan, qonun ustuvorligiga asoslangan xalqaro tartibotning mumhimligini aytib o‘tdi va bu borada hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Ular Markaziy Osiyo va Yaponiya o‘rtasidagi “C5+1” muloqot formatini ko‘p tomonlama hamkorlik va uning rivojlanishida samarali mintaqaviy platforma sifatida e’tirof etdi. Vazirlar Markaziy Osiyo va Yaponiya o‘rtasidagi birinchi sammitni samarali va muvaffaqiyatli o‘tkazish maqsadida yaqindan hamkorlik qilishga kelishib oldi.

“Vazirlar terrorizm, ekstremizm, giyohvand moddalar savdosi, uyushgan jinoyatchilik hamda mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka qilinishi mumkin bo‘lgan boshqa tahdidlarga qarshi birgalikda sa’y-harakatlarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladi”, deyiladi qo‘shma bayonotda.

Takesi Ivaya va Baxtiyor Saidov O‘zbekiston va Yaponiya hamkorligi bo‘yicha kun tartibida turgan qator masalalarni muhokama qildi.     Vazirlar Strategik muloqotning birinchi yig‘ilishi natijalarini yuksak baholadi. Mazkur yig‘ilish hamkorlikni ustuvor yo‘nalishlarda ilgari surish va ikki tomon uchun dolzarb bo‘lgan mintaqaviy hamda xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashish uchun yangi, yuqori darajadagi format boshlanishi sifatida qayd etildi. Vazirlar Strategik muloqot yig‘ilishlarini ikki yilda bir marta, zaruratga qarab, navbatma-navbat Yaponiya va O‘zbekiston Respublikasida o‘tkazish uchun intilish yuzasidan yakdil fikr bildirdi. Strategik muloqotning navbatdagi yig‘ilishi Tokio shahrida bo‘lib o‘tadi. Yig‘ilish sanasi va kun tartibi diplomatik kanallar orqali kelishib olinadi.

Eslatib o‘tamiz, 27 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Takesi Ivaya boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgandi. Takesi Ivaya Prezident Mirziyoyevga Yaponiya Bosh vaziri Sigeru Isibaning samimiy salomi va O‘zbekiston Mustaqilligi kuni munosabati bilan yo‘llagan tabriklarini yetkazdi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Yaponiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing