O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari Buxoroga bordi

Jamiyat

image

Bugun, 27 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston-Tojikiston sammitining ikkinchi kuni tadbirlarida ishtirok etish uchun Buxoro shahriga bordi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Buxoro xalqaro aeroportida davlat rahbari mamlakatda davlat tashrifi bilan bo‘lib turgan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonni kutib olgan.

Tantanali kutib olish marosimi bo‘lgan. Oliy martabali mehmon sharafiga milliy qo‘shiq va raqslar ijro etilgan.

Bildirilishicha, bugun yetakchilar qadimiy Buxoroning tarixiy obidalarini ziyorat qiladi. Sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishish ham ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Imomali Rahmon davlat tashrifi bilan Toshkentga yetib kelgandi. Toshkent xalqaro aeroportida oliy mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Shuningdek, Ko‘ksaroy qarorgohida Imomali Rahmonni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Keyinroq esa Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon tor doirada muzokara va Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Shuningdek, ikki davlat yetakchilari yirik kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. O‘zbekiston – Tojikiston Oliy davlatlararo kengashining birinchi yig‘ilishidan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash va almashish marosimi bo‘ldi. Shu bilan birga, Tojikiston Respublikasi Prezidentining davlat tashrifi doirasida ushbu mamlakatning Toshkent shahridagi elchixonasining yangi binosi ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon “O‘zbekiston” xalqaro forumlar saroyida ikki mamlakat san’atkorlari ishtirokidagi an’anaviy konsertni birgalikda tomosha qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Buxoro Imomali Rahmon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing