O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida migratsiya bo‘yicha yangi Memorandum imzolandi

Jamiyat

image

Avval xabar barganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva ayni vaqtda rasmiy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi o‘rtasida mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston parlamentni yuqori palatasi Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga rasmiy tashrifi doirasida Tanzila Norboyeva Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko bilan uchrashdi.

“Rossiya tomoni respublikada olib borilayotgan islohotlar, Rossiya Federatsiyasi bilan ikki tomonlama munosabatlarning muhim jihatlari, ikki tomonlama aloqalarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollariga berilgan baholar to‘g‘risida xabardor etildi.

Ikki mamlakat prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putinning kuchli siyosiy irodasi hamda alohida shaxsiy munosabatlari sharofati bilan ikki tomonlama hamkorlik barcha darajalarda jadal rivojlanib borayotgani ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.

Valentina Matviyenko O‘zbekistonda fuqarolarning farovonligini oshirish maqsadida ochiq demokratik jamiyat qurishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy sohada jadal amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni yuqori baholagan. 

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga bo‘lajak tashrifi munosabati bilan oliy darajadagi uchrashuv kun tartibini mazmunan boyitish bo‘yicha salmoqli ishlar olib borilmoqda. Ikki tomonlama hujjatlarning katta to‘plami tayyorlandi. Parlamentlar ularni amalda ro‘yobga chiqarishga hissa qo‘shishi kerak.

Matviyenko O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida (YeOII) kuzatuvchi maqomini olganligini mamnuniyat bilan qarshi olgan. Ushbu Tashkilot bilan o‘zaro hamkorlik O‘zbekiston-Rossiya munosabatlariga yangicha turtki berishi ta’kidlangan.

Uchrashuv davomida ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy, ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda hududlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Shu nuqtai nazardan, ikkinchi Hududlararo hamkorlik forumini o‘tkazish muhimligiga urg‘u berilgan.

Shuningdek, gender tenglikni ta’minlash masalalari, “Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbar ayollari bilan muloqot” platformasi faoliyati ko‘rib chiqilgan.

Bag‘rikenglik masalasida O‘zbekistonning boy tajribasini inobatga olgan holda, Rossiya tomoni 2022 yil may oyida o‘tkaziladigan Dinlararo va millatlararo muloqot bo‘yicha Butunjahon konferensiyasiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda faol ishtirok etishga taklif qilgan.

Uchrashuvda parlament yuqori palatasi rahbari Tanzila Norboyeva yoshlar parlamentlari orqali hamkorlikni rivojlantirish, mehnat migrantlari manfaatlarini himoya qilishga ko‘maklashish bo‘yicha ishlarni davom ettirish hamda vatandoshlarimiz bilan uchrashuv davomida ko‘tarilgan boshqa masalalarni Oliy Majlis Senati va Federal Majlis Federatsiya Kengashi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiya faoliyati doirasida hal etish haqida to‘xtalib o‘tdi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi o‘rtasida mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Rossiya

Baholaganlar

273

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing