O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari oliy mukofotlar bilan taqdirlandi
Jamiyat
−
21:25 420 3 daqiqa
Bugun, 23 avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarini ikki mamlakatning oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevga O‘zbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti – “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni topshirilgan.

O‘zbekiston rahbari nufuzli mukofotni topshirar ekan, ushbu qaror Ozarbayjon Prezidentining qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashdagi xizmatlariga nisbatan O‘zbekiston xalqining samimiy hurmati va e’tirofining ifodasi ekanini ta’kidlagan.
“Siz ulug‘ otangiz – atoqli davlat arbobi Haydar Aliyevning ishini munosib davom ettirmoqdasiz. Sizning rahbarligingizdagi oqilona islohotlar tufayli Ozarbayjon taraqqiyot borasida va xalqaro maydonda ulkan yutuqlarga erishmoqda”, deydi O‘zbekiston yetakchisi.
Ilhom Aliyevning O‘zbekiston – Ozarbayjon ko‘p qirrali munosabatlarini kengaytirishga qo‘shayotgan hissasi ham alohida mamnuniyat bilan qayd etilgan. Ikki davlat o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari qaror topishida aynan uning o‘rni beqiyos.
O‘z navbatida, Ozarbayjon Prezidenti yuksak e’tirof uchun mamlakat yetakchisi va xalqiga minnatdorlik izhor etib, do‘stlik va o‘zaro hurmat ruhidagi har tomonlama hamkorlik yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirgan.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonning oliy davlat mukofoti – “Haydar Aliyev” ordeni bilan taqdirlangan.
Mukofotni davlat rahbariga Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev topshirgan.
O‘zbekiston yetakchisi Ozarbayjon Prezidenti va qardosh Ozarbayjon xalqiga chuqur minnatdorlik bildirib, ushbu mukofotni abadiy do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi qo‘shma sa’y-harakatlarga berilgan yuksak baho sifatida qabul qilishini ta’kidlagan.
“Mazkur orden men uchun alohida ahamiyatga ega. Unga butun umrini Vataniga xizmat qilishga bag‘ishlagan ulug‘ davlat arbobi Haydar Aliyevich Aliyevning nomi berilgan. Aynan shu inson Ozarbayjonning kelgusi taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratdi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Haydar Aliyev O‘zbekiston tarixi va madaniyatini yuksak qadrlagani, ikki xalq yaqinlashuviga salmoqli hissa qo‘shgani ta’kidlangan.
O‘zbekiston va Ozarbayjon kelgusida ham barcha sohalarda hamkorlikni kengaytirib, qardoshlik munosabatlari esa yangi amaliy mazmun bilan boyib borishiga ishonch bildirilgan.
Ma’lumot uchun, “Haydar Aliyev” ordeniga turli yillarda Fransiya Prezidenti Jak Shirak, Quvayt Amiri Saboh as-Saboh, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Italiya Prezidenti Serjo Mattarella va boshqa ko‘plab davlat arboblari sazovor bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ilhom Aliyev rafiqasi hamrohligida davlat tashrifi bilan Toshkentga kelgan edi. Tashrif doirasida Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev tor doirada uchrashuv hamda Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma hamda Oliy davlatlararo kengash uchinchi yig‘ilishining qarorini imzoladi.
Live
Barchasi