O‘zbekiston va Qozog‘iston Jizzaxda harbiy mashg‘ulot o‘tkazdi
Jamiyat
−
12 Oktabr
3011O‘zbekiston va Qozog‘iston Qurolli kuchlari Jizzax viloyatidagi poligonda “Hamkorlik-2024” harbiy mashg‘ulotini o‘tkazdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mashg‘ulotning faol bosqichi Jizzax viloyatidagi “Forish” poligonida bo‘lib o‘tgan va unda Qozog‘iston Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i general-leytenant Sultan Kamaletdinov hamda O‘zbekiston Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Shuhrat Xolmuhamedov ishtirok etgan.
Bildirilishicha, mashg‘ulotning birinchi bosqichida kichik qurollangan guruh tog‘ yo‘llari orqali noqonuniy ravishda davlat chegarasini kesib o‘tgan va mahalliy aholi uylarida joylashgan. Terrorchilarning harakatlari diqqatni chalg‘itishga va boshqa yo‘nalishlarda muvaffaqiyat qozonish uchun sharoit yaratishga qaratilgan.
Ikkinchi bosqich ssenariysi bo‘yicha shartli dushman Qozog‘iston va O‘zbekiston davlat chegaralari yaqinida yirik bo‘linmalarni to‘plab, ularni hujumga tayyorlagan. Ikki mamlakat harbiy bo‘linmalari bunday tahdidga javob berish algoritmlarini, shu jumladan, diversiyaviy harakatlarning oldini olish va muhim strategik ob’ektlarga keng ko‘lamli hujumlarning oldini olish bo‘yicha mashq qilgan.
“O‘quv mashg‘ulotlari davomida ikki davlat harbiy xizmatchilari jangovar vaziyatda bo‘linmalarni hamkorlikda boshqarish, davlat chegarasining daxlsizligini ta’minlash va shartli dushmanni yo‘q qilish kabi turli jangovar harakatlarni olib borishdi. Bu esa yana bir bor har ikki mamlakat harbiy xizmatchilarining uyushqoqligi va hamkorligini amalda isbotladi”, deyiladi xabarda.
Mashg‘ulot yakunida Qozog‘iston va O‘zbekiston Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshliqlari qo‘shma mashg‘ulotni o‘tkazishga qo‘shgan hissasi va yuqori professionalligi uchun ajralib turgan harbiy xizmatchilarni mukofotlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston va O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari harbiy xizmatchilari hamda havo hujumidan mudofaa mutaxassislari ishtirokida “Ashiq Aspan-2024” xalqaro tezkor-taktik qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilgan edi.