O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi 2 ta chegara posti xalqaro maqomga ega bo‘ladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi “Sirdaryo – Malik” hamda “Selinniy – Oq oltin” avtomobil o‘tkazish punktlari xalqaro maqomga ega bo‘ladi. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston Senati mazkur o‘zgarishlarni nazarda tutuvchi, ikki davlat hukumatlari o‘rtasida 2006 yil 4 sentyabrda imzolangan davlat chegarasidagi o‘tkazish punktlari to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi protokolni ratifikatsiya qilgan.

Senat qo‘mitasi xulosasiga ko‘ra, protokol bilan “Sirdaryo – Malik” va “Selinniy – Oq oltin” avtomobil o‘tkazish punktlarining maqomi ikki tomonlama (davlatlararo) toifadan xalqaro (ko‘p tomonlama) toifaga o‘zgartiriladi. Shuningdek, ushbu chegara punktlarining ish rejimi 24 soat davomida ishlaydigan tartibga o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, protokolga muvofiq, mazkur chegara o‘tish joylarida faqat yengil avtomobillar harakatlanishiga oid cheklov bekor qilinib, ular yuk-yo‘lovchi transporti uchun ham moslashtiriladi.

Jumladan, “Selinniy – Oq oltin” chegara posti orqali yengil avtomobillar, bo‘sh yuk mashinalari, shuningdek, yirik hajmli va og‘ir vaznli yuklar hamda tovarlarni tashuvchi transport vositalari harakatlanishi mumkin bo‘ladi.

“Sirdaryo – Malik” chegara posti esa faqat yengil avtomobillar va bo‘sh yuk mashinalarining harakatlanishi uchun xizmat qiladi. Mazkur punkt orqali tijorat maqsadidagi yuk va tovarlarni olib o‘tishga ruxsat berilmaydi.

Qayd etilishicha, ushbu protokolning amalga oshirilishi hamda Qozog‘iston–O‘zbekiston chegarasidagi o‘tkazish punktlari infratuzilmasini modernizatsiya qilish ishlari transport va yo‘lovchilar oqimini yanada samarali taqsimlashga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Respublikasi mamlakat hududiga uchinchi davlatlardan yangi yoki sovutilgan pomidorlarni barcha transport turlari orqali olib kirishga bir haftalik taqiq joriy etgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing