O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarada xalqaro savdo markazini ochadi
Olam
−
05 Oktabr 2019
3525O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasida “Markaziy Osiyo” xalqaro iqtisodiy hamkorlik savdo markazi tashkil etiladi. Bu haqda Qozog‘iston savdo va integratsiya vaziri o‘rinbosari Qayrat To‘raboyev ma’lum qildi, deya yozmoqda Kazinform.
Ta’kidlanishicha, Qozog‘istonning Markaziy Osiyodagi bosh strategik hamkori O‘zbekiston hisoblanadi. To‘raboyevga ko‘ra, O‘zbekistonga 70 ta pozitsiya bo‘yicha tovarlarni yetkazish hajmini oshirish mumkin. Ularning umumiy qiymati 210 mln dollarni tashkil qiladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston bilan hamkorlik doirasida “Markaziy Osiyo” savdo markazi loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. “Muzokaralar olib borilmoqda, ushbu markazni joylashtirish mumkin bo‘lgan 5 ta joyni tanlab oldik. Xalqaro markaz Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegarada kichik hajmli ulgurji va chakana savdoning yangi shaklini joriy qilishga, xalqaro turizm, logistik xizmatlarni rivojlantirishga va biznesning chegaraoldi kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan”, deb ma’lum qilgan Qozog‘iston vakili.
“Loyihani amalga oshirish bosqichida 10 mingta, keyinchalik ekspluatatsiya davomida 40 mingta ish o‘rni ochish rejalashtirilgan”, deb qo‘shimcha qilgan To‘raboyev.
LiveBarchasi