O‘zbekiston va Qozog‘iston avtomobilda yo‘lovchi tashishni tiklashi kutilmoqda
Jamiyat
−
11 fevral 2022
12707O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi epidemiologik talablarni yengillashtirish va quruqlik transportida yo‘lovchi tashishni qayta tiklash kutilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Transport vaziri o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minov va Qozog‘iston Respublikasi Industriya va infratuzilmalarni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Berik Kamaliyev o‘rtasida imzolangan hujjatda so‘z borgan.
Kecha, 10 fevral kuni Toshkentda transport masalalari bo‘yicha O‘zbekiston – Qozog‘iston ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minov hamda Qozog‘iston Respublikasi Industriya va infratuzilmalarni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Berik Kamaliyev rahbarligida o‘tgan muzokaralarda o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari hamda yuk tashish sharoitlarini yaxshilash bilan bog‘liq masalalar muhokama etilgan.
Uchrashuvda tomonlar epidemiologik talablarni yengillashtirish va quruqlik transportida yo‘lovchi tashishni qayta tiklash jarayonlarini tezlashtirish muhimligini tasdiqlashgan.
Shuningdek, ishchi guruh tomonidan avtomobil va temir yo‘l transporti sohasida hamkorlikdagi Turkiston – Chimkent – Toshkent tezyurar temir yo‘li hamda “Uchquduq – Qizilo‘rda” transport yo‘lagi infratuzilma loyihalari ko‘rib chiqilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi havo hududlari bo‘ylab havo harakatiga xizmat ko‘rsatishda yangi marshrutlar (havo trassalari) joriy etish masalasi muhokama qilingan.
Ushbu yangi marshrutlar joriy qilish orqali havo kemalarining parvoz vaqtini sezilarli darajada qisqartirilishiga erishiladi, bu esa o‘z navbatida global ekologik vaziyatga, yoqilg‘i tejamkorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib va mintaqaga qo‘shimcha foydalanuvchilarni jalb qiladi.
Uchrashuv yakunida erishilgan kelishuvlar bo‘yicha tegishli bayonnoma imzolangan.
LiveBarchasi