O‘zbekiston va Qozog‘iston 7 mlrd dollarlik kelishuvga erishdi
Jamiyat
−
08 avgust
4298O‘zbekiston va Qozog‘iston 7 milliard dollarlik sarmoyaviy loyihalar va savdo shartnomalarini amalga oshirishga kelishib oldi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Qozog‘iston-O‘zbekiston biznes-forumi doirasida bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama uchrashuvda ikki davlat Bosh vazirlari o‘rinbosarlari Serik Jumangarin va Jamshid Xo‘jayev umumiy qiymati 4,4 milliard dollar bo‘lgan 34 ta investitsiya loyihasi va 2,6 milliard dollarlik 7 ta savdo shartnomasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Kelishuvda sanoatning turli tarmoqlari, jumladan, energetika, kon-geologiya, transport, kimyo sanoati, qurilish, elektrotexnika, mashinasozlik, farmatsevtika va boshqa sohalarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Loyihalarning eng katta qismi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelib, tomonlar Qozog‘istonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini birgalikda yetishtirish, g‘alla va sholini chuqur qayta ishlash, Turkiston viloyatida ipak mahsulotlari ishlab chiqarish, qadoqlash materiallari ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etish va boshqa masalalar bo‘yicha kelishgan. Shuningdek, Mangistau viloyatida qoramol terisini qabul qilish va qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etishga qaror qilingan.
“Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi ikki davlatning sarmoyaviy va savdo salohiyatidan samarali foydalanish imkonini beradi, bu esa Qozog‘iston va O‘zbekiston rahbarlari tomonidan qo‘yilgan maqsadga erishish – o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazishga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 7 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatga yetib borgandi. Bugun, 8 avgust kuni ikki mamlakat yetakchilari raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.