O‘zbekiston va Qozog‘iston 2 yillik tanaffusdan so‘ng temir yo‘l qatnovini tiklamoqda

Jamiyat

image

Joriy yilning 15 may kuni, ikki yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida temir yo‘l qatnovi tiklanadi.

15 may kuni 647/648-sonli Nukus — Beyneu — Nukus yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdining qatnovi boshlanadi. 16 maydan e’tiboran Olma-ota-2 – Toshkent – Olma-ota-2 yo‘nalishida 1/2-sonli (“Tulpar-Talgo”) poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Yuqorida ko‘rsatilgan reyslarning davriyligi Toshkentdan haftasiga 3 marta markaziy vokzaldan amalga oshiriladi.

Chiptalarni elektron tarzda hamda temir yo‘l kassalarida sotib olish mumkin. Yo‘lovchilar elektron chiptalarni sotib olayotganda, Qozog‘iston Respublikasining davlat chegarasidan o‘tish uchun uni A4 formatidagi qog‘ozdan chiqarish (chop etish)i talab qilinadi.

“Boshqa qo‘shni davlatlar bilan temir yo‘l yo‘nalishlarining qayta tiklanishi tomonlarning kelishuviga asosan bosqichma bosqich ochilishi kutilmoqda”, deyiladi “O‘zbekiston temir yo‘llari”  AJ matbuot xizmati xabarida.

Ta’kidlanishicha, Qozog‘iston Respublikasi davlat chegarasi o‘tish punktlari orqali Qozog‘iston Respublikasiga kelgan barcha shaxslar PZR usuli bilan COVID-19 ga test sinovidan o‘tganligi haqida ma’lumotnoma taqdim etishlari shart (qozoq, rus yoki ingliz tilida). Mazkur ma’lumotnoma Qozog‘iston Respublikasi davlat chegarasidan o‘tishdan oldin kamida 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda bo‘lishi talab etiladi.

Ma’lumotnoma talab qilinmaydigan shaxslar:

•  5 yoshgacha bo‘lgan bolalar, agar ularni kuzatuvchi (birga bo‘lgan) shaxsda ushbu ma’lumotnoma mavjud bo‘lsa; 

•  Qozog‘iston Respublikasi hukumat delegatsiyalari a’zolari;

•  Lokomotiv brigadalari, temir yo‘l, dengiz va daryo transporti orqali tashishlarda faoliyat olib borayotgan shaxslar;

•  Qozog‘iston Respublikasida COVID-19’ga qarshi revaksinatsiya yoki to‘liq emlash kursini olgan shaxslar (agar ikkinchi komponentni olganidan so‘ng Qozog‘iston Respublikasi chegarasini kesib o‘tish vaqtida 6 oydan oshmasa);

•  Qozog‘iston bosh davlat sanitariya vrachi qaroriga asosan Qozog‘iston hududida haqiqiy deb tan olinadigan COVID-19ga qarshi emlanganlik pasporti/sertifikati/ma’lumotnomasiga ega shaxslar.

Qozog‘iston Respublikasi hududiga Yevroosiyo iqtisodiy Ittifoqiga a’zo davlatlar hududidan, shuningdek, Ozarbayjon, Moldova, Tojikiston va O‘zbekiston Respublikalaridan kelayotgan shaxslar, shu jumladan, “Puteshestvuyu bez COVID-19” ilovasidan ro‘yxatdan o‘tishlari talab etiladi. 

Tana harorati yuqori bo‘lgan shaxslar aniqlangan holatlarda, ma’lumotnomaning mavjudligidan qat’i nazar yuqumli shifoxonada izolyatsiya qilinadi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

46

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing