O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida davlatlararo kengash tuziladi
Jamiyat
−
15:31 950 3 daqiqa
Bugun, 30 iyul kuni Cho‘lponota shahridagi “Ruh Ordo” madaniyat markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston – Qirg‘iziston har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari atroflicha muhokama qilingan.
Davlat rahbari bugungi kunda O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlari har qachongidan ham yuksak darajaga ko‘tarilganini alohida ta’kidlagan.

So‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 10 barobarga oshib, o‘tgan yil yakuni bilan 1,2 milliard dollarga yetgan. 450 ta qo‘shma korxona tashkil etilgan, kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Taraqqiyot fondi samarali faoliyat yuritmoqda.
Shaharlar o‘rtasida 15 ta aviaqatnov, 5 ta avtobus yo‘nalishi yo‘lga qo‘yilgan.
Bu galgi tashrif arafasida Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari, biznes forum, rektorlar va tahliliy markazlar vakillarining uchrashuvlari, O‘zbekiston madaniyati kunlari hamda qator boshqa tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.
Muzokaralar davomida tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirlik, idora va hududlar, ishbilarmon doiralar va ekspertlar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirishga kelishib olgan. Davlatlararo kengash tuzishga qaror qilingan.

Xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, jumladan, BMT, SHHT, Turkiy davlatlar tashkiloti, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvi hamda boshqa ko‘p tomonlama platformalar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi ta’kidlangan.
O‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish vazifasidan kelib chiqib, yaqin fursatda import o‘rnini faol bosish asosida o‘zaro mahsulot yetkazib berish hajmlarini oshirish choralari ko‘riladi. Shuningdek, ikki davlat poytaxtlarida savdo uylari va vakolatxonalari ochiladi.
Ustuvor yo‘nalishlarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Bunda energetika, geologiya, muhim minerallar, logistika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Kuni kecha bo‘lib o‘tgan biznes forumi doirasida yangi savdo shartnomalari va investitsiya kelishuvlarining to‘plami qabul qilingan.
Energetika sohasidagi hamkorlik strategik yo‘nalish sifatida belgilangan. Qambarota GES-1 qurilishi loyihasi bo‘yicha bitimni imkon qadar tezroq imzolab, uni amaliy bosqichga o‘tkazish muhimligi ta’kidlangan.
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan yirik loyihaning joriy holati yuzasidan fikr almashilgan.
Transport sohasida o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash maqsadida mazkur temir yo‘l bo‘ylab chegaraoldi va savdo-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, ruxsat berish tartib-taomillarini raqamlashtirish, avtotashuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishib olingan.
Ikki mamlakat hududlari savdo-iqtisodiy hamkorlikning o‘sish nuqtalari ekani ta’kidlangan.
Bu borada joriy yil yakuniga qadar barcha viloyatlar ishtirokida birinchi Hududlar forumi o‘tkazilishi hamda ularning o‘zaro tashriflari jadvali tasdiqlanishi belgilab olingan.
Madaniyat, yoshlar, turizm, ta’lim, ilm-fan va sport sohalaridagi faol almashinuvlar davom ettiriladi.
Muzokaralar davomida Bosh vazir o‘rinbosarlarining savdo-iqtisodiy kun tartibi bo‘yicha aniq takliflarni o‘zi ichiga olgan axborotlari tinglangan.
Yakunda Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarovni o‘zi uchun qulay vaqtda O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva bilan birga Issiqko‘l viloyatidagi Cho‘lponota shahriga yetib borgani haqida xabar berilgan edi. U yerda mamlakat yetakchisini Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov hamda uning rafiqasi kutib olgan. Shuningdek, Chingiz Aytmatov nomidagi “Ruh Ordo” madaniyat markazida Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Live
Barchasi