O‘zbekiston va Qirg‘iziston Bosh vazirlari Olmaotada uchrashdi
Jamiyat
−
31 yanvar
2444O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Qozog‘istonning Olmaota shahriga tashrifi doirasida bugun, 31 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Odilbek Qosimaliyev bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston hukumati portalida xabar berildi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani, muhim qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlangan.
“Davlatlarimiz rahbarlari – Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov ikki mamlakat hukumatlari zimmasiga o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab bergan. Uchrashuvda mazkur vazifalarni amalga oshirishda yaqin hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratildi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, uchrashuvda savdo-iqtisodiy, transport-logistika, energetika, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda erishilgan kelishuvlarni izchil ro‘yobga chiqarish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Odilbek Qosimaliyev va Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda uch davlat chegaralari – Qirg‘izistonning Botken, O‘zbekistonning Farg‘ona va Tojikistonning So‘g‘d viloyati tutashgan hududda uch tomonlama uchrashuv o‘tkazgan edi. Tomonlar uchrashuv davlat rahbarlari o‘rtasida avval erishilgan davlat chegaralari bo‘yicha kelishuvlar doirasida o‘tkazilganini qayd etgan.
LiveBarchasi