O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida mahkumlarni ekstraditsiya qilish to‘g‘risidagi qonun ma’qullandi

Jamiyat

image

O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida mahkumlarni ekstraditsiya qilish va o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun ma’qullandi. Bu haqda joriy yilning 25 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining qirq yettinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi o‘rtasida ushlab berish, mahkumlarni topshirish, jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi shartnomalarni ratifikatsiya qilish” haqidagi qonunlar ko‘rib chiqildi. 

Muhokamalar chog‘ida globallashuv, tobora kuchayib borayotgan migratsiya jarayonlari hamda terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik xavfi ortib borayotgan sharoitda xalqaro hamkorlikning ishonchli huquqiy asoslarini shakllantirish masalalari dolzarb ahamiyat kasb etishi ta’kidlangan.

Senatorlar tomonidan ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi o‘rtasida jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi Shartnomani (Rim, 2023 yil 8 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunda jinoyat ishlarini tergov qilish va boshqa protsessual harakatlarni amalga oshirish bilan bog‘liq holda yuridik yordam ko‘rsatish asoslari va shart-sharoitlari nazarda tutilmoqda. Xususan, so‘rovlarning shakli va mazmuni, yordam ko‘rsatishni rad etish yoki kechiktirish asoslari, so‘rovlarni bajarish, himoya choralari, xavfsizlik kafolatlari, shuningdek, jinoyat ishlarini ta’qibni davom ettirish uchun o‘tkazish kabi muhim masalalar bo‘yicha qoidalar belgilanmoqda.

Senatorlarning fikricha, jinoyat ishlari bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi shartnomaning ratifikatsiya qilinishi ikki mamlakat huquqni muhofaza qilish organlarining jinoyat ishlarini tergov qilish va sud muhokamasi jarayonining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi shartnomaning ratifikatsiya qilinishi O‘zbekiston va Italiya fuqarolariga sud tomonidan tayinlangan jazoni o‘z mamlakatida o‘tashlari uchun huquqiy asos va imkoniyat yaratadi.

Mahkumlarni topshirish qonunda belgilangan tartib-taomillarga muvofiq shartnoma tuzuvchi tomonlarning murojaatlari asosida amalga oshiriladi.

Muhokamalar doirasida mahkumlarning jazoni o‘z mamlakatida o‘tashi ularga yaqin qarindoshlari bilan muntazam uchrashish imkonini yaratishi ta’kidlangan.

O‘zbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi o‘rtasida ushlab berish to‘g‘risidagi shartnomada har bir tomon boshqa tomonning so‘roviga ko‘ra o‘z hududida aniqlangan va boshqa tomon tarafidan qidirilayotgan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish yoki bunday shaxslarga nisbatan chiqarilgan hukmni ijro etish uchun bir-birlariga ushlab berishi asoslari va shartlari ko‘rsatilgan.

“Mazkur shartnomaning ratifikatsiya qilinishi sud muhokamasi samaradorligini oshirishga va jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoning muqarrarligi tamoyilini ta’minlashga xizmat qiladi”, deyiladi Senat xabarida.

Muhokama yakunlari bo‘yicha senatorlar shartnomalar ratifikatsiya qilinishiga doir qonunlarni qo‘llab-quvvatlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Italiya va Eron bilan mahkumlarni topshirish bo‘yicha shartnomalarni ratifikatsiya qilgandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari mazkur qonun loyihasini ko‘rib chiqib, qabul qilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Italiya ekstraditsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing