O‘zbekiston va boshqa davlatlar G‘azoni tiklash uchun 7 mlrd dollar ajratadi – Tramp
Jamiyat
−
09:14 1485 3 daqiqa
To‘qqiz davlat – Qozog‘iston, Ozarbayjon, BAA, Marokash, Bahrayn, Qatar, Saudiya Arabistoni, O‘zbekiston va Quvayt “Tinchlik kengashi” uchun jami 7 mlrd dollar ajratish majburiyatini oldi. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 19 fevral kuni “Tinchlik kengashi”ning birinchi yig‘ilishida aytib o‘tdi.
Tramp Vashingtonda tashkil etgan bahsli “Tinchlik kengashi”ning birinchi yig‘ilishida vayron bo‘lgan G‘azo sektori uchun keng ko‘lamli yordam paketini e’lon qilgan. Unga ko‘ra, to‘qqiz davlat – Qozog‘iston, Ozarbayjon, BAA, Marokash, Bahrayn, Qatar, Saudiya Arabistoni, O‘zbekiston va Quvayt jami 7 mlrd dollar ajratish majburiyatini olgan.
Trampning o‘zi ham “tinchlikdan muhimroq narsa yo‘q” deya, kengash ehtiyojlari uchun qo‘shimcha 10 mlrd dollar ajratishga va’da bergan. Bu qaror Vashingtonning BMTning ayrim tuzilmalari – Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Falastinlik qochqinlarga yordam agentligini moliyalashtirishni to‘xtatishi hamda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish tomonidan tashkilot “moliyaviy tanazzul yoqasiga kelib qolgani” haqida ogohlantirishlar yangragan bir paytga to‘g‘ri kelgan.
Qolaversa, HAMAS bilan uzoq muddatli tinchlikni ta’minlash maqsadida besh davlat o‘z harbiylarini yuborishga tayyorligini bildirgan. Kelgusidagi Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari tarkibiga Qozog‘iston, Marokash, Albaniya, Kosovo va Indoneziya kontingentlari kiradi. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakat harbiy bo‘linmalarini, jumladan tibbiy qismlarni yuborishini tasdiqlagan. Shuningdek, u “Tinchlik kengashi” uchun katta miqdorda mablag‘ ajratilishini va G‘azodan 500 nafar talabaga Qozog‘iston OTMlarida tahsil olish uchun stipendiya berilishini ma’lum qilgan.
Hozircha aniq sonni faqat Indoneziya aytgan: u 5 mingdan 8 ming nafargacha harbiy yuborishga tayyor. Dastlab ular G‘azo janubidagi Rafah hududiga joylashtiriladi, keyin esa mas’uliyat hududi kengaytiriladi. Shuningdek, 12 ming nafar falastinlik politsiya xodimini tayyorlash rejalashtirilgan. Bu vazifani Misr va Iordaniya o‘z zimmasiga olgan.
“Tinchlik kengashi” Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi chog‘ida tashkil etilgan bo‘lib, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan. Tanqidchilar uni BMTga muqobil tuzilma sifatida baholamoqda. Yig‘ilishda qariyb 50 davlat va YeI vakillari ishtirok etgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, G‘azoni to‘liq tiklash uchun 7 mlrd dollar yetarli emas, umumiy xarajatlar 70 mlrd dollarga baholanmoqda.
Ayni paytda rejalar jiddiy to‘siqlarga duch kelmoqda. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu tiklash ishlari faqat HAMAS qurolsizlantirilgandan keyingina boshlanishini ta’kidlagan. Guruh esa bu talabni qat’iy rad etmoqda. Barqarorlashtirish kuchlarida ishtirok etayotgan davlatlardan hech biri hozircha HAMASni majburiy qurolsizlantirish vazifasini o‘z zimmasiga olishga tayyorligini bildirmagan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Tinchlik institutida bo‘lib o‘tgan “Tinchlik kengashi”ning birinchi yig‘ilishida O‘zbekiston G‘azoda turar joylar, bolalar bog‘chalari, maktablar va shifoxonalar qurilishiga munosib hissa qo‘shishga tayyorligini aytgandi.
Live
Barchasi