O‘zbekiston va AQSH 12 milliard dollarlik shartnomalar paketini imzoladi
Jamiyat
−
17:09 1686 2 daqiqa
Amerika delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida o‘tkazilgan biznes tadbirlari doirasida savdo, investitsiya va texnologik hamkorlik sohasida umumiy qiymati 12 milliard AQSH dollarini tashkil etuvchi 54 ta shartnomadan iborat paket imzolandi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot kotibi Stanislav Bagramov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, erishilgan kelishuvlar O‘zbekistonda sanoat, transport va energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, muhim foydali qazilma konlarini o‘zlashtirish, moliya sektori, raqamli texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va ta’limni rivojlantirishga qaratilgan.
Transport sohasida GE Aerospace bilan hamkorlik Uzbekistan Airways’ning yangi samolyotlari uchun dvigatellar yetkazib berishni nazarda tutadi, Wabtec bilan tashabbuslar esa temir yo‘l texnikasi va butlovchi qismlarini mahalliylashtirishga qaratilgan. Bu sohani texnologik yangilash va ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish uchun zamin yaratadi.
Shuningdek, moliya sektorida Franklin Templeton, Oppenheimer & Co., Citigroup va BlackRock bilan tuzilgan bitimlar milliy kompaniyalarning xalqaro kapital bozorlariga chiqishi, institutsional investorlarni jalb qilish va infratuzilmaviy tashabbuslarni moliyalashtirishni qamrab oladi.
Kon-ishlab chiqarish sanoatida ReElement Technologies, Traxys va Trafigura bilan hamkorlik konlarni o‘rganish va o‘zlashtirish, texnologik kooperatsiya hamda mineral resurslarni yetkazib berish bilan bog‘liq. Kritik minerallar sohasida milliy kompetensiyalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Raqamli va ijtimoiy sohalarda Amazon Leo, GE HealthCare va Valmont Industries bilan amalga oshirilayotgan tashabbuslar sun’iy yo‘ldosh aloqasini rivojlantirish, zamonaviy tibbiyot texnologiyalarini joriy etish va qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishni nazarda tutadi.
“Imzolangan paket xalqaro kapital va ilg‘or texnologiyalarni O‘zbekistonning sanoat salohiyati bilan birlashtirgan holda, o‘zbek-amerika iqtisodiy hamkorligining yangi bosqichiga poydevor qo‘yadi. Qabul qilingan kelishuvlarni konkret natijalarga aylantirish keyingi ustuvor vazifa bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Live
Barchasi