O‘zbekiston va 5 mamlakat Afg‘oniston masalasida yakdil qarorga keldi
Jamiyat
−
08 Sentabr 2021
16851Afg‘onistonning yaqin qo‘shnilari – Xitoy, Eron, Pokiston, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston mamlakatning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaydi. Qo‘shnilar afg‘on diyorida tinchlik, xavfsizlik, milliy yarashuvni ta’minlash, mamlakatning ichki ishlariga aralashmaslik va barqaror rivojlanish tamoyillari tarafdori. Bu haqda bugun, 8 sentyabr kuni 6 mamlakat Tashqi ishlar vazirlari ishtirokida o‘tgan onlayn-yig‘ilishda so‘z bordi.
Yig‘ilishning asosida qayd etilishicha, Afg‘oniston kelajagi o‘z xalqi tomonidan belgilanishi kerak.
Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I, Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vepa Hojiyev ishtirok etgan.
Uchrashuv qatnashchilari Afg‘oniston suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini, shuningdek, tinchlik, xavfsizlik, milliy yarashuvni ta’minlash, mamlakatning ichki ishlariga aralashmaslik va barqaror rivojlanish tamoyillari tarafdori ekanligini bildirib, uning kelajagi o‘z xalqi tomonidan belgilanishi kerakligini qayd etgan.
Uchrashuvda barqaror, tinch va farovon Afg‘oniston butun ko‘p millatli afg‘on xalqi va jahon hamjamiyati manfaatlariga javob berishi ta’kidlangan.
Shuningdek, Afg‘oniston bilan barqaror xalqaro aloqalar, ayniqsa, uning gumanitar rivojlanish ehtiyojlarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etilgan.
“Umumiy muammolarni hal etish hamda tinchlik, xavfsizlik, barqarorlik, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik va iqtisodiy integratsiyani qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik hamda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga intilish uchun birgalikda harakat qilish zarurligi ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.
Afg‘onistondagi vaziyat
AQSHning Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy operatsiyasi Prezident Jo Bayden davriga kelib yakunlandi. AQSH qo‘shinlari joriy yilning 31 avgust kuni mamlakatni tark etdi. Bunga qadar Yevropaning boshqa davlatlari, jumladan Britaniya va Germaniya ham mamlakatni tark etdi. Ushbu jarayon yakunlanmasidan “Tolibon” harakati poytaxt Qobulni egallab, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatdi. 19 avgust kuniga kelib toliblar Afg‘oniston Islom Amirligi tuzulganini e’lon qildi.
LiveBarchasi