O‘zbekistonda uy-issiqxonalar qurish boshlanadi
Jamiyat
−
08 iyun 2021
17044O‘zbekistonda 20 sotix bo‘lgan turar joy majmuasini ham qamrab olgan uy-issiqxona majmualari tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat-xususiy sheriklik asosida hududlarda zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Qaror bilan:
- tashabbuskor aholi tomorqalari va xonadonlarida maydoni kamida 10 sotix bo‘lgan issiqxonalar (keyingi o‘rinlarda – issiqxonalar) barpo etish;
- har birining maydoni kamida 20 sotix bo‘lgan turar joy majmuasini ham qamrab olgan uy-issiqxonalar tashkil etish taklifi ma’qullandi.
Uy-issiqxona majmualarini qurish, jihozlash va ekspluatatsiya qilish davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi. Bunda, loyiha doirasida:
a) davlat sherigi:
- qishloq xo‘jaligida foydalanishga kiritiladigan yer maydonlari, zaxiradagi hosildorligi past bo‘lgan paxta va g‘alladan qisqargan maydonlar, shuningdek, yaroqsiz deb topilgan bog‘ va tokzorlar joylashgan bo‘sh yer maydonlarini investorlar o‘rtasida o‘tkaziladigan ochiq tanlov yakunlari bo‘yicha ijara huquqi asosida ajratadi;
- uy-issiqxona majmuasiga tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari (jumladan gaz, suv, elektr energiyasi, ichki yo‘l) tortilishini ta’minlaydi;
- qarorning 4 va 5-bandlarida ko‘rsatilgan imtiyozlarni taqdim etadi;
b) investorlar:
- loyihaoldi va loyiha hujjatlarining (TIA, chizmalar va boshqalar) tayyorlanishi va ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlaydi;
- uy-issiqxona majmualarini qurish, jihozlash va ekspluatatsiya qilishga oid loyihalarning konsepsiyasi, loyiha-smeta hujjatlarini “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida belgilangan tartibda ishlab chiqadi;
- davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimga muvofiq qurilish, jihozlash va ekspluatatsiya qilish xarajatlari bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini o‘z mablag‘lari yoki qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiradi;
- uy-issiqxona majmualari foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab shartnomada kelishilgan muddatgacha yetishtirilgan mahsulotlarni tashqi va ichki bozorlarda sotish va hisobini yuritish ishlarini amalga oshiradi;
- davlat sherigi va tashabbuskor aholi bilan tuzilgan shartnomalar shartlariga amal qiladi;
- uy-issiqxona majmualari foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab kelishilgan muddat va miqdorda xizmat haqi to‘lash majburiyatini o‘z zimmasiga oladi va tashabbuskor aholi faoliyat yuritayotgan uy-issiqxona majmuasini davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim muddati tugagandan so‘ng davlat sherigiga o‘tkazilgan holda bepul tarzda tashabbuskor aholiga belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlaydi;
v) tashabbuskor aholi:
- uy-issiqxona majmualari foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab kelishilgan muddatgacha tuzilgan shartnoma asosida uy-issiqxona majmualarida o‘zini o‘zi band qilgan holda faoliyat olib boradi hamda ularda mahsulotlar yetishtirish bilan shug‘ullanadi;
- kelishilgan muddat yakunlanganidan so‘ng uy-issiqxona majmualarini mulk huquqi asosida, ular joylashgan yerni ijara huquqi asosida (ijara shartnomasining amal qilish muddatiga) bepul qabul qilib oladi hamda kelgusida undan maqsadli va samarali foydalanishni ta’minlaydi.
LiveBarchasi