O‘zbekiston Turkiyaga yangi elchi tayinladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning Turkiyaga yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Ilhom Haydarov kecha, 16 iyun kuni Anqara shahriga yetib bordi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, kunning ikkinchi yarmida Ilhom Haydarov Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Protokol Bosh boshqarmasi boshlig‘i, elchi Ahmet Jemil Mirog‘luga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirgan.

Muloqot davomida keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlariga asoslangan O‘zbekiston-Turkiya ikki tomonlama munosabatlar va xalqaro tashkilotlar doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari, xususan joriy yilning 21-22 iyun kuni Istanbulda bo‘lib o‘tadigan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari Kengashining 51-sessiyasida O‘zbekiston delegatsiyasining ishtiroki muhokama qilingan.

Shuningdek, turli darajadagi o‘zaro tashriflar va qo‘shma tadbirlarni tashkil etish, jumladan, ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarni o‘tkazish kabi masalalar ko‘rib chiqilgan.

“Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, madaniy-gumanitar va turizm sohasidagi aloqalarni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, Ahmet Jemil Mirog‘lu O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisiga Turkiyadagi diplomatik faoliyatida muvaffaqiyatlar tilagan va Istanbuldagi Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi (DEIK) bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yishga yaqindan ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan.

Ma’lumot uchun, 56 yoshli diplomat 2024 yil iyul oyidan buyon O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. U Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti), Rossiya tashqi savdo akademiyasini, Memfisdagi (AQSH) Xalqaro paxta maktabini tamomlagan.

O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tizimida (hozirgi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi) va xorijiy vakolatxonalarda savdo-iqtisodiy maslahatchi, Ukrainadagi elchi lavozimlarida ishlagan.

2009 yildan 15 yil davomida “O‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasiga (hozirgi “To‘qimachilik va tikuv-trikotajsanoat” uyushmasi) rahbarlik qilgan. Shu bilan birga, 2021–2024 yillarda O‘zbekiston Ish beruvchilar konfederatsiyasi raisi sifatida ishlagan.

Ilhom Haydarov Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi etib saylangan Alisher Agzamxo‘jayev o‘rniga tayinlandi. Alisher Agzamxo‘jayev 2017-2025 yillarda O‘zbekistonning Turkiyadagi, 2018 yildan e’tiboran esa bir vaqtning o‘zida Bolgariyadagi elchisi bo‘lib ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Irlandiyaga yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Usmonov (qarorgohi London shahrida joylashgan) mazkur davlat Tashqi ishlar va savdo vazirligi Protokol departamenti boshlig‘i Ralf Viktoriyga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Ilhom Haydarov Favqulodda va muxtor elchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing