O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarida yangi sahifa ochiladi
Jamiyat
−
19 avgust 2020
12400Bundan buyon O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik kuchaytiriladi, sog‘liqni saqlash, yo‘lsozlik, axborot texnologiyalari sohalarida Turkiya Hukumatining texnik ko‘magi kengaytiriladi va yetakchi turk ekspertlari jalb qilinadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kecha, 18 avgust kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda aytilgan.
Qaror bilan O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi hamda Turkiya bilan ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash, jumladan, chora-tadbirlar dasturining bajarilishini tahlil qiladi hamda undagi tadbirlar va loyihalarning ijrosida amaliy yordam ko‘rsatadi.
Qarorga ko‘ra, quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha Turkiya Hukumatining texnik ko‘magi kengaytiriladi va yetakchi turk ekspertlari jalb qilinadi:
• sog‘liqni saqlash infratuzilmasi ob’ektlarini boshqarish sohasidagi salohiyatini oshirish;
• seysmologiya sohasidagi institutsional va normativ-huquqiy bazani mustahkamlash, zamonaviy xalqaro standartlarni joriy etish;
• yo‘llar va yo‘l bo‘yi infratuzilmasini qurish hamda ulardan samarali foydalanish sohasida xalqaro standartlarni joriy etishga ko‘maklashish;
• “elektron hukumat” sohasida Turkiyaning eng yaxshi yechimlari va texnologiyalarini joriy etish.
2020 yil yakuniga qadar Samarqand shahrida Turkiya Respublikasining Bosh konsulxonasi ochiladi.
LiveBarchasi