O‘zbekiston Turkiy kengashga a’zo bo‘ladi
Jamiyat
−
13 Sentabr 2019
4093O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga (Turkiy kengash) qo‘shilishga qaror qildi. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li ma’lum qildi.
“O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi a’zosi bo‘lishga qaror qildi. O‘zbekiston tomonining rasmiy murojaati Turkiy kengash kotibiyatiga keldi”, degan Chavusho‘g‘li.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, a’zolik hujjatlari O‘zbekiston rasmiylariga yetkazilgan. Rasmiy a’zolik jarayonlari tez orada yakunlanadi.
“Bundan tashqari, rasmiy Ashxobod ham kengashga kuzatuvchi sifatida tayyor ekanini bildirdi. Biz Turkmanistondan ikki marta ijobiy signal oldik”, deb ta’kidlagan Mavlud Chavusho‘g‘li.
Vazir Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bag‘dod Amreyev o‘z yordamchisi bilan Ashxobodga borish niyatida ekanini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining so‘nggi sammiti 19 sentyabr kuni Qirg‘izistonning Issiq-Ko‘l viloyatida o‘tkazilgandi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham mehmon sifatida ishtirok etgandi.
LiveBarchasi