O‘zbekiston Tramp ma’muriyati bilan yaqinlashmoqchi
Jamiyat
−
09 yanvar
4269O‘zbekiston AQSHning yangi ma’muriyati vakillari bilan sheriklikni kuchaytirmoqchi. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan 2025 yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida so‘z boradi.
Dasturga ko‘ra, Tashqi ishlar vazirligiga yil so‘ngiga qadar AQSH yangi ma’muriyati vakillari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish va oliy darajadagi tashriflarni tashkil etish vazifasi yuklatilmoqda.
Shuningdek, S5+1 (Markaziy Osiyo va AQSH) formatidagi hamkorlikni kuchaytirish, jumladan, vazirlar uchrashuvi, tegishli “ishchi guruhlar” yig‘ilishlarini tashkil etish, qolaversa, ushbu formatning 10 yilligi munosabati bilan Samarqandda o‘tkaziladigan yubiley sammitiga tayyorgarlik ko‘rish rejalashtirilmoqda.
Loyihada, shuningdek, parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish, xususan, Kongress yetakchi a’zolarining O‘zbekistonga tashriflarini amalga oshirish ham rejalashtirilgan.
Amerika mamlakatlaridan salohiyatli investorlarni O‘zbekistonga jalb qilish, ular ishtirokida turli biznes-forumlar, ko‘rgazmalar va boshqa tadbirlarni tashkil etish orqali savdo-investitsiyaviy hamkorlikni yanada kuchaytirish, AQSH bilan xavfsizlik hamkorlik aloqalarini kengaytirish ham ko‘zda tutilgan.