O‘zbekiston tojik-afg‘on chegarasiga jangovar samolyotlar, zirhli texnika va maxsus kuchlarni yuboradi
Jamiyat
−
19 iyul 2021
16057O‘zbekiston Qurolli kuchlarining askarlari va zobitlari tojikistonlik hamda rossiyalik hamkasblari bilan birgalikda qo‘shni Afg‘oniston hududidan jangarilar bostirib kirgan taqdirda tojik-afg‘on chegarasini qo‘riqlash amaliyotini o‘tkazadi. Bu haqda “Asia-Plus” Tojikiston Qurolli kuchlaridagi manbasiga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 1-10 avgust kunlari Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegarasidagi Xatlon yo‘nalishida Tojikiston, O‘zbekiston va Rossiya Qurolli kuchlarining keng ko‘lamli qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tadi.
Xabarga ko‘ra, Tojikiston, O‘zbekiston va Rossiya harbiylarining terrorizmga qarshi qo‘shma mashg‘ulotlari Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegarasida joylashgan “Xarbmaydon” harbiy poligonida bo‘lib o‘tadi. Mashg‘ulotlarda uch davlatning havo kuchlari, havo hujumidan mudofaa kuchlari, zirhli texnika va maxsus kuchlari ishtirok etadi.
Mashg‘ulotning mavzusi — Afg‘onistondan Tojikistonga terrorchilar kirib kelgan taqdirda chegaradagi uch davlat harbiylari harakatlarini muvofiqlashtirish.
Avvalroq joriy yilning avgust va sentyabr oylarida Rossiya Qurolli kuchlari bo‘linmalari O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston harbiylari bilan qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazishi haqida xabar bergandik. Qayd etish kerakki, ushbu harbiy mashg‘ulotlarning bir qismi Surxondaryo viloyati Termiz shahri poligonlarida bo‘lib o‘tadi.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi