O‘zbekiston “Tolibon” bilan Hind okeaniga chiqishni muhokama qildi
Jamiyat
−
28 avgust 2023
9337Joriy yilning 26-27 avgust kunlari O‘zbekiston Transport vaziri va Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili boshchiligidagi delegatsiya Afg‘onistonga bordi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi xabar berdi.
Safar davomida Afg‘onistondagi muvaqqat hukumat – "Tolibon" Transport va fuqaro aviatsiyasi vaziri vazifasini bajaruvchi Mullo Hamidullo Oxunzoda bilan “O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston” avtomobil yo‘nalishi bo‘ylab ekspeditsiya amalga oshirilgan.
Ekspeditsiya jarayonida “O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston” avtomobil yo‘nalishidagi, Qobul shahrini Afg‘oniston shimoli (Mozori-Sharif) bilan bog‘lovchi “Salang” dovoni hamda Afg‘oniston va Pokiston chegarasidagi “Torxam” chegara o‘tkazish punktidagi vaziyat joyiga chiqqan holda o‘rganilgan.
Ikki tomonlama muzokaralarda Afg‘oniston va Pokiston orqali Hind okeani portlariga chiqish uchun xalqaro transport koridorini shakllantirish, ikki davlat transport logistika korxonalari hamkorligini kuchaytirish, xalqaro avtomobil tashuvchilariga qulay shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan, Afg‘oniston hududi bo‘ylab tranzit o‘tishga hamda boshqa manzillarga yuk tashishga o‘rnatilgan cheklovni olib tashlash masalalari muhokama qilingan.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida va tranzit yuk tashuvlarini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar qilishga kelishib olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron, O‘zbekiston va Turkmaniston vakillari xalqaro tranzit yo‘lagini yaratish istiqbollarini muhokama qilgandi.
LiveBarchasi