Baxtiyor Saidov tan olinmagan “Tolibon” rahbariyati bilan uchrashdi
Olam
−
13 mart
7176O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Afg‘onistonga bordi. Bu haqda uning o‘zi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qildi.
O‘zbekiston vaziri Kobulga safari chog‘ida Afg‘oniston muvaqqat hukumatining bir qancha mansabdor shaxslari – bosh vazir vazifasini bajaruvchi Mulla Muhammad Hasan Oxund, bosh vazir o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mavlaviy Abdul Salom Hanafiy, bosh vazir o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodar, tashqi ishlar vazirligi vazifasini bajaruvchi Mavlaviy Amir Xon Muttaqiy, ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Xalifa Sirojiddin Haqqoniy, savdo va sanoat vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziy bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.
“Bizni boy va mushtarak tariximiz, umumiy an’analarimiz va kelajagimiz birlashtiradi. Birgalikda amalga oshirishimiz mumkin bo‘lgan ko‘plab imkoniyatlar mavjud”, deydi Baxtiyor Saidov.
Uning bildirishicha, muzokaralar chog‘ida o‘zaro hamkorlikning keng ko‘lamli masalalari muhokama qilingan. Iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.
Ma’lumot uchun, 2021 yil bahorida AQSH o‘z Qurolli kuchlarini Afg‘onistondan olib chiqish qarorini e’lon qilganidan so‘ng, “Tolibon” Afg‘oniston ustidan nazorat o‘rnatish bo‘yicha keng ko‘lamli operatsiyani boshlagan edi. O‘sha yilning 15 avgustida “Tolibon” Qobulga jangsiz kirib keldi va 7 sentyabrda ular qonuniyligi hali hech bir davlat tomonidan tan olinmagan muvaqqat hukumat tarkibini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Muhammad Yoqub bilan uchrashgandi. Keyinchalik "Tolibon" vakili Mug‘furulloh Shahob Afg‘onistonning Toshkentdagi elchixonasiga elchi etib tayinlangani ma’lum qilindi. 19 fevral kuni “Tolibon” muvaqqat hukumatining milliy temiryo‘l boshqarmasi boshlig‘i mulla Baxt ul Rahmon Sharofat boshchiligidagi delegatsiya Transafg‘on loyihasi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Toshkentga keldi.
LiveBarchasi