O‘zbekiston Ozarbayjonning Britaniyadagi elchixonasiga uyushtirilgan hujumni qoraladi
Jamiyat
−
05 avgust 2022
9208O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi kecha, 4 avgust kuni Ozarbayjonning Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasiga g‘arazli maqsadda uyushtirilgan hujumni qat’iy qoralaydi. Bu haqda vazirlik tarqatgan bayonotda keltirilgan.
“Diplomatik vakolatxonalar xodimlarining hayoti va salomatligiga tahdid soladigan har qanday xatti-harakatlarni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, TIV hodisani har tomonlama tekshirish va barcha aloqadorlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston tomoni qardosh Ozarbayjonni xorijdagi fuqarolarining xavfsizligi va himoyasini ta’minlashda qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Ma’lumot uchun, 4 avgust kuni Ozarbayjonning Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchixonasi radikal diniy guruh hujumiga uchragan. Shaxsi noma’lum bir necha kishi elchixonaga bostirib kirib, bino ayvonida diniy bayroqlarni ochib, radikal shiorlarni aytgan. Mahalliy politsiya aralashuvi bilan vandalizm to‘xtatilgan va jinoyatchilar qo‘lga olingan.
Hodisa oqibatida elchixona xodimlari jabrlanmagan. Voqea yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
LiveBarchasi