O‘zbekiston tennis federatsiyasiga yangi rahbar saylandi

Sport

image

Bugun, 6 mart kuni O‘zbekiston tennis federatsiyasiga yangi rais tayinlandi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar bermoqda. 

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi majlislar zalida O‘zbekiston tennis federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferensiyani O‘zbekiston tennis federatsiyasi Bosh kotibi, Osiyo tennis federatsiyasi vitse-prezidenti Iroda To‘laganova olib bordi va dastlab federatsiya faoliyatidagi yangiliklar, yutuq va kamchiliklar haqida hisobot o‘qib-eshittirdi. 

Shundan so‘ng, federatsiyaning yangi rahbarligiga O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki boshqaruv raisi Alisher Kudratullayevich Mirsoatov nomzodi ilgari surildi. Konferensiya ishtirokchilari nomzodni bir ovozdan ma’qullashdi va Alisher Mirsoatov O‘zbekiston tennis federatsiyasining yangi raisi, deb e’lon qilindi.

Shundan so‘ng MOQ prezidenti Rustam Shoabdurahmonov hamda O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Komiljon Xudoyberganov nomzod haqida o‘z fikrlarini bildirib, yangi rahbarning faoliyatida omad tilashdi.

“Tennis sport turida bizning boy tariximiz va an’analarimiz bor. Iroda To‘laganova o‘zbek tennisining haqiqiy afsonlaridan biri va hozirda biz bilan tennisni rivojlantirish yo‘lida yelkama-yelka mehnat qilmoqda. Sir emaski, qayerda hukumat tomonidan e’tibor va qo‘llab-quvvatlash bo‘lsa, u albatta, o‘z samarasini beradi. Hozirda davlatimiz tomonidan sport sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Aminmanki, bu e’tibor yaqin yillar ichida o‘z samarasini beradi. Biz bu yilgi Olimpiadadan tashqari Parij-2024 bo‘yicha ham tegishli reja ishlab chiqqanmiz. Yangi rahbaringizdagi ulkan tajriba bilan yuksak natijalarga erishishingizga ishonaman. Shu bilan birgalikda federatsiyani uzoq yillar davomida boshqarib kelgan Rustam Inoyatovga ham alohida minnatdorchilik izhor etaman. Aynan shu kishining boshqaruvida tennis federatsiyasida ish darhaqiqat professional tarzda yo‘lga qo‘yildi. Shu munosabat bilan Rustam Rasulevichni federatsiyaning faxriy prezidenti etib saylash taklifini kiritaman”, dedi Rustam Shoabdurahmonov.

O‘z navbatida konferensiya ishtirokchilari ushbu taklifni bir ovozdan ma’qullashdi va Rustam Inoyatov O‘zbekiston tennis federatsiyasining faxriy prezidenti etib saylandi.

Shundan so‘ng, federatsiyaning yangi rahbari Alisher Mirsoatov ham o‘z fikrini bildirib o‘tdi.

“Tennis mening eng sevimli sport turlarimdan biri. Avvalgi rahbariyat professional ish olib bordi. Endi mendan 2-3 barobar samarali ishlash talab etiladi. Bu jamoa bilan bor kuch-g‘ayratimni berib ishlashga va’da beraman. Bilasizmi, televizorda bayrog‘imizning yuqori ko‘tarilgani, madhiyamiz yangraganini eshitganimda qalbim faxr va g‘ururga to‘lar edi. Endi mana shunday g‘alabalarimiz tennis bilan yanada ko‘payishi yo‘lida astoydil mehnat qilamiz. Muhtaram prezidentimizning sportni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida qaratayotgan e’tiborlari bilan barcha narsaga erisha olamiz”, deydi Alisher Mirsoatov.

Jahongir Sotvoldiyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

O'zbekiston Tennis

Baholaganlar

64

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing