“O‘zbekiston temiryo‘llari” turkiyalik sayyohdan pora olgan xodimini topolmadi
Olam
−
19 Oktabr 2023
8877Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda turkiyalik sayyohning 100 ming so‘m pora evaziga poyezddagi oddiy joyini qulay sharoitli o‘ringa almashtirgani haqida gapirgan videosi tarqalgandi. "O‘zbekiston temiryo‘llari" AJ turkiyalik sayyohdan pora olgan xodimini topa olmadi. Bu haqda rasmiy bayonotda ma’lum qilindi.
“Kuni kecha ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Andijon yo‘lovchi poyezdida turk sayyohi o‘z vagonidan yuqori toifadagi vagonga o‘tish uchun vagon kuzatuvchisiga pul bergani va vagon toifasini o‘zgartirgani yuzasidan tarqalgan holat bo‘yicha o‘rganish olib borilib kerakli ma’lumotlar (qaysi kun, qaysi poyezd, qaysi vagon) video rolikda aks etmagani sababli holat o‘z isbotini topishini va aybdor xodimni aniqlashning imkoniyati topilmadi”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq niderlandiyalik sayyoh-bloger ham 15 dollar evaziga o‘zining poyezddagi joyini o‘zgartirib olgandi. Shundan so‘ng poyezd rahbari ishdan olindi. Bloger esa QALAMPIR.UZ'ga yuborgan munosabatida xodim ishdan olinganidan afsusda ekanini bildirdi va “O‘zbekiston Temiryo‘llari” AJni tanqid qildi.