“O‘zbekiston temir yo‘llari” metro qurilishida salkam 900 mln “yeb yuborilishi”ga izoh berdi
Jamiyat
−
07 iyul 2021
25301Avvalroq Toshkent halqa yo‘li yerusti metropoliteni qurilishida 899 million so‘m talon-toroj qilingani haqida xabar berilgandi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” ushbu holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, 11 kilometrlik “Do‘stlik-2” – “Qo‘ylik” yo‘nalishidagi qurilish ishlari 2019 yilda boshlanib, 2020 yilning mart oyida yakunlangan. Biroq, koronavirus infeksiyasi tarqalishi tufayli karantin choralari kuchaytirilgani sabab ushbu metropoliten ochilish muddati noma’lum sanaga qoldirilgan. Qurilishda ishtirok etgan barcha ishchilar karantin choralari yumshatilgunga qadar o‘zlarini izolyatsiya qilgan.
Qayd etilishicha, 2020 yil 3 iyul kuni ishlar qayta boshlangach, "1-sonli Energomontaj poyezdi" unitar korxonasida kabel mahsulotlari yo‘qligi aniqlangan. Shundan so‘ng, mas’ul shaxslar transport prokuraturasiga ariza topshirgan.
Ariza topshirilgandan so‘ng, dastlabki tergov jarayonlari boshlangan. Unga ko‘ra, umumiy qiymati 899,1 million so‘mlik kabel mahsulotlari noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlangani aniqlangan.
Olib borilgan tergov natijalariga ko‘ra, aybdor shaxslar hamda yo‘qolgan moddiy tovar topilgan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga binoan jinoyatchilar jinoiy javobgarlikka tortilgan. Yetkazilgan zarar to‘liq qoplangan.
Hozirgi vaqtda ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi tomonidan tergov jarayonlari davom etyapti.
Diyora Abdurahmonova
LiveBarchasi