“O‘zbekiston temir yo‘llari” 20 yil avval ishlab chiqilgan narxnoma bilan ishlashi ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

“O‘zbekiston temir yo‘llari”ning narxnoma tarifi bundan 20 yil oldin ishlab chiqilgan va hozirda uni yangilash harakatlari olib borilyapti. Bu haqda Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitalarining qo‘shma yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “Uzbekistan Airways”, “Uzbekistan Airports”, “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyatlarida ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar hususida so‘z bordi. Mazkur yo‘nalishda AJlar tomonidan bir qancha kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.

Qayd etiliishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasiga asosan tashish jarayonining uzluksizligini, harakat xavfsizligini va avariya-tiklash ishlari o‘tkazilishini bevosita ta’minlovchi temir yo‘l transporti korxonalari, umumiy foydalanishdagi temir yo‘llar va temir yo‘l transportining boshqa mol-mulki mutlaq davlat mulki hisoblanadi. Mazkur normaning qonunchilikda borligi esa, bozorda xizmat ko‘rsatish birgina “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga tegishliligi, bu esa o‘z navbatida sohada sog‘lom raqobatni rivojlanishiga to‘sqinlik qilishiga olib kelmoqda.

“Jahon tajribasida esa, aksincha, yuk tashish yo‘nalishida raqobatni rivojlantirish maqsadida, 50 foizdan ortiq bozor ishtirokchilari xususiy tashkilotlar hisoblanadi”, deyiladi qo‘mita xabarida.

Shundan kelib chiqib, raqobatni cheklashga olib kelayotgan qonunchilikdagi ba’zi moddalarni qayta ko‘rib chiqish taklifi berilgan.

Yig‘ilishda “O‘zbekiston temir yo‘llari” ichki yo‘nalishda yuk va yo‘lovchi tashish uchun qo‘llanilayotgan tarif siyosatini qachon qayta ko‘rib chiqishi masalasi ham ko‘tarilgan. Negaki, amaldagi “10-01 narxnoma” tarifi 2000 yilda ishlab chiqilgan.

Kompaniya vakillari mazkur tarifni Iqtisodiyot va Transport vazirliklari tomonidan qayta ko‘rib chiqish ko‘zda tutilgani, ayni kunlarda ushbu masala bo‘yicha tegishli ishlar olib borilayotganini ma’lum qilgan.

Yig‘ilishning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Harakatlar strategiyasi” dagi topshirig‘iga asosan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJni ikkita alohida tadbirkorlik sub’ektiga ajratish masalasi ko‘tarildi. Unga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlaridan biri temir yo‘llarining infratuzilmasiga, ikkinchisi tranportirovkaga javob berishi kerak bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston temir yo'llari

Baholaganlar

142

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing