“O‘zbekiston tashrif qog‘ozi” ishlab chiqiladi

Jamiyat

image

Endi “O‘zbekiston tashrif qog‘ozi” ishlab chiqilib, u xorijiy telekanallarda efirga uzatiladi va turizm brendi yangilanadi. Shuningdek, AQSH, Xitoy, Arab davlatlari, Yaponiya, Koreya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Malayziya, Rossiya, Qozog‘iston kabi mamlakatlarning yirik shaharlari gavjum ko‘chalaridagi ekranlarga “O‘zbekiston turizm brendi” haqidagi ma’lumotlar joylashtiriladi. Bu bo‘yicha tegishli vazifalar bugun, 29 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida turizm salohiyatini jadal rivojlantirish masalalari yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida mutasaddilarga topshirilgan. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Prezident tomonidan bu yil O‘zbekistonning boy madaniyati va turistik salohiyatini jahonga targ‘ib qilish yili bo‘lishi kerakligi ta’kidlangan. Ushbu maqsad uchun 100 milliard so‘m ajratilgan.

Bundan tashqari, milliardlik obunachilari bor internet platformalarida O‘zbekiston haqidagi reklama roliklarini ko‘paytirilishi bo‘yicha Prezident tomonidan topshiriq berilgan.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent, Jizzax viloyatlarida qishki mavsumda – toqqa chiqish, chang‘i uchish maydonlari, Andijon, Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari va Toshkent shahrida yozgi mavsumda – cho‘milish maskanlari tashkil etilsa, turistik mavsum yana ikki oyga uzaytirilishi mumkin.

Shu munosabat bilan tegishli vazirliklar va mutasaddilarga festival va madaniyat tadbirlarini ko‘paytirish, qishki, ekologik turizmni rivojlantirish, qo‘riqxona, tabiat bog‘lari va tabiat yodgorliklari imkoniyatidan foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ichki turizm bo‘yicha muallimlar va tibbiyot xodimlari uchun alohida dasturni tasdiqlab, ularning O‘zbekiston bo‘ylab sayohati va dam olishlarini tashkil qilishni boshlash topshirildi.

Shuningdek, viloyat hokimlari turoperatorlarni jalb etib, PR markazi filiallarini tashkil qilishi ko‘rsatib o‘tildi. Ular:

•  har bir viloyatning “tashrif qog‘ozi”ni ishlab chiqadi;
•  Toshkent shahri hamda hududlardagi aeroport, vokzallar va mehmonxonalarda “turizm bekatlari”ni tashkil qiladi;
•  har bir viloyatning o‘zi uchun xos bo‘lgan “mavsumiy turistik paketi”ni tayyorlaydi;
•  festival va konsertlar o‘tkazish grafigini tasdiqlab, nafaqat mahalliy, balki xorijiy sayyohlar uchun ham e’lon qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston tashrif qog'ozi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing