O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kunini belgiladi

Olam

image

Kecha, 29 aprel kuni BMTning Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan 29 aprel kunini Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hujjatga dunyoning barcha mintaqalaridan 80 dan ortiq davlat hammualliflik qilgan.

Rezolyutsiya O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning zilzila qurbonlariga hurmat ko‘rsatish va bu borada xalqaro hamkorlik zarurligini eslatish maqsadida xotira va birdamlik kunini ta’sis etish to‘g‘risidagi tashabbusiga asoslangan.

2023 yil 16 mart kuni bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida Mirziyoyev tomonidan favqulodda vaziyatlar bo‘yicha ixtisoslashgan xalqaro tuzilmalar bilan amaliy hamkorlikni kuchaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratilgandi.

Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni ilk bor 2026 yil 29 aprel kuni nishonlanadi. Bu sana 1966 yilda Toshkent shahrida sodir bo‘lgan vayronkor zilzilaning 60 yilligi munosabati bilan belgilangan.

Qayd etilishicha, rezolyutsiya BMTga a’zo davlatlar, BMT tizimidagi muassasalar va boshqa xalqaro tashkilotlarni Xalqaro kunni nishonlashga, xususan, aholini xabardorligini oshirish, favqulodda vaziyatlarga chidamlilik va tayyorgarlikni kuchaytirishga qaratilgan axborot-targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish orqali ko‘maklashishga chaqiradi.

“Hujjatning qabul qilinishi jahon hamjamiyati tomonidan yuqori baholandi. Dunyoning turli burchaklarida zilzilalar tez-tez sodir bo‘layotgan sharoitda ushbu tashabbusning dolzarbligi alohida ta’kidlanmoqda”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, 1966 yil 26 aprel tongini butun dunyo yaxshi eslaydi. Bu vaqtda Toshkent vayronaga aylangandi. Zilzila bo‘lishidan avval juda kuchli portlash sodir bo‘ldi. Shahar chekkasida shafaq ko‘rindi. Keyinroq olimlar shafaq nima sababdan kelib chiqqanini aytishdi. Zilzila o‘chog‘i 5-10 kilometr chuqurda joylashgan bo‘lgan. Yer ostida yig‘ilgan tektonik kuchlanish yer yuzasiga chiqish vaqtida elektr energiyasiga aylangan va Toshkent aholisiga mana shu energiya shafaq bo‘lib ko‘ringan.

Shahardagi zilzila markazi “Qashqar” (Qoshg‘ar) mahallasi va “Labzak” o‘rnida bo‘lgan. Hududda vertikal zarblar kuchining magnitudasi 5,3 ga teng, silkinish 8 balldan ziyod, maksimal vayronalik maydoni 10-12 kvadrat kilometrni tashkil qilgan. Yerning 2-3 gers chastotada silkinishi 10-12 daqiqa davom etgan. Shu yili 9 maydan 10 mayga o‘tar kechasi, 24 may va 5 iyunda (6-7 ballga teng) kuchli silkinishlar takrorlangan.

Zilzila natijasida, 2 million metr kvadratdan ziyod turar-joy maydoni, 236 ta ma’muriy bino, 700 ga yaqin savdo va ovqatlanish shoxobchalari, 26 ta kommunal xo‘jalik korxonasi, 180 ga yaqin o‘quv yurti, 8 ming o‘rinli maktablar, 36 ta madaniy-maishiy muassasalar, 185 ta tibbiyot va 245 ta sanoat korxona binolari jiddiy talafot ko‘rgan. 78 ming oila yoki 300 ming odam (o‘shanda Toshkentda yarim million aholi istiqomat qilgan) boshpanasiz qolgan. Ayrim manbalar zilzilada 8 kishi halok bo‘lib, 150 ga yaqin kishi jarohatlangan deydi. Ayrim manbalar esa raqamlar ancha jiddiy ko‘rinishda tus olgandi, deb xabar beradi.

Voqea yuz berishi bilan hukumat barchasini nazoratga oldi. Toshkentga mingdan ortiq chodir joylashtirildi, 600 ga yaqin vaqtinchalik oziq-ovqat do‘konlari tashkil qilindi. Suv ta’minoti uzluksiz ishladi. Bu bilan o‘z navbatida shaharda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan epidemiyaning oldi olindi. Eng qizig‘i, manbalar shaharda o‘sha vaqti talonchilik holati umuman kuzatilmagan deyishadi. SSSRning barcha davlatlaridan Toshkentga turli ko‘rinishdagi yordamlar kela boshlagan.


Maqola muallifi

Teglar

BMT zilzila

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing