O‘zbekiston suzish federatsiyasiga ham yangi rahbar saylandi
Sport
−
24 dekabr
3277O‘zbekiston suzish federatsiyasiga yangi rahbar etib Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Mirsagatovich Rafiqov saylandi. Bu haqda suzish federatsiyasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston suzish federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tgan. Kun tartibidan federatsiyaga yangi rahbar saylash masalasi o‘rin olgan. Suzish federatsiyasi rahbari lavozimiga O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Mirsagatovich Rafiqov nomzodi ilgari surilgan va bir ovozdan ma’qullangan.
Shuningdek, tadbir davomida federatsiyaning Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik rejasi batafsil ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, suzish, suv polosi, suvga sakrash va sinxron suzish dasturlarida atletlarimizning Olimpiada yo‘llanmalari uchun imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilgan.
Ma’lumot uchun, Qudratilla Rafiqov 1947 yilda tug‘ilgan, 1993-1998 yillarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi muovini, 1998 yildan 2003 yilgacha Jizzax viloyati kasaba uyushmalari Kengashi raisi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. Keyinroq “Jizzax akkumulyator zavodi” AJ bosh direktori lavozimida ishlagan. 2016 yil dekabrida esa Tanzila Norboyeva o‘rniga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining yangi rahbari etib saylangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston gandbol federatsiyasiga yangi rahbar etib “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”ning bosh direktori Quvondiq Sanoqulovich Sanoqulov saylangandi.
LiveBarchasi