O‘zbekiston Suriya orqali okeanlarga chiqadi

Biznes

12 fevral kuni Toshkent shahrida ilk bor O‘zbekiston–Suriya biznes-forumi hamda ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida B2B uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Unda sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik, logistika, qurilish, elektrotexnika va turizm sohalarida faoliyat olib boruvchi qariyb 200 nafar tadbirkor ishtirok etdi.

Bu jarayonlarni tarixiy deb atash uchun bir nechta sabablar bor. 8 ta yirik provinsiyadan Suriya biznes elitasi vakillari Toshkentga kelishidan asosiy maqsad: savdo aylanmasini nol nuqtadan million dollarlik shartnomalargacha olib chiqishdir. Suriya bugun qayta qurilyapti va bu jarayonda O‘zbekiston brendi ostidagi mahsulotlar asosiy drayver bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan tashkil etilgan Forumga Suriya Savdo palatalari federatsiyasi prezidenti A’la Umar al-Ali boshchilik qilgani ham alohida ahamiyatli. Shuningdek, unga Suriya iqtisodiyot va sanoat vazirining o‘rinbosari, Damashq, Xoms, Daraa, Tartus, Latakiya, Hama, Dayr-az-Zor va Idlib savdo-sanoat palatalari rahbarlari, tarmoq uyushmalari hamda biznes vakillari hamrohlik qilgan. Bu esa muzokaralarning masshtabi katta ekanligini ko‘rsatadi.

11–16 fevral kunlariga belgilangan bu tashrif iqtisodiy aloqalarda “yangi sahifa” ochdi. Bu shunchaki forum emas, balki Suriya iqtisodiyotining tiklanish davrida O‘zbekiston mahsulotlari uchun strategik bozorga kirish imkoniyatidir.

Suriya Savdo palatalari federatsiyasi prezidenti A’la Umar al-Ali Tartus va Latakiya portlari orqali boshqa davlatlarga chiqishi uchun O‘zbekiston tomoniga imtiyozlar taqdim etilishini ma’lum qildi.

“Albatta, biz dunyoning barcha mamlakatlari uchun ochiqmiz, biroq O‘zbekiston Markaziy Osiyoning yuragi sifatida biz uchun juda muhim davlatdir. Biz Suriya va O‘zbekiston o‘rtasidagi barcha sohalarda hamkorlikka ochiqmiz. Portlar, chegara o‘tish punktlari yoki bojxona masalalarida ikki mamlakat manfaatlariga xizmat qiladigan har qanday yengillik va qulayliklarni yaratib berishga tayyormiz”, dedi suriyalik amaldor.

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonning yirik tadbirkorlari Suriyada o‘z zavodlarini ochishi yoki ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi uchun imtiyozlar ham beriladi. 

“Suriya hozirgi kunda savdo va sanoat uchun juda qulay va egallanmagan makon bo‘lib, ishchi kuchi arzonligi bilan ajralib turadi. Agar o‘zbekistonlik tadbirkorlar Suriyada faoliyat boshlasalar, erkin iqtisodiy zonalarda sanoatchilar uchun yer uchastkalari arzon narxlarda beriladi, hatto yer qiymatini 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati mavjud. Bu yerdan barcha Arab davlatlari va Yevropa mamlakatlariga mahsulot eksport qilish juda oson va arzon kechadi”, dedi A’la Umar al-Ali.

Nima uchun Suriya bozori O‘zbekiston uchun muhim?

Hozirda Suriya o‘z infratuzilmasini qayta tiklash bosqichida va importga yuqori darajada bog‘liq. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, Suriyaning umumiy import hajmi qariyb 5.5-6 milliard AQSH dollarini tashkil etgan. Suriya bozori O‘zbekiston mahsulotlariga, ayniqsa quyidagi yo‘nalishlarda ehtiyojga ega:

  • Oziq-ovqat: dukkakli mahsulotlar, un va tayyor oziq-ovqat mahsulotlarining 60% dan ortig‘i chetdan keltiriladi.
  • To‘qimachilik va ip-kalava: Suriya o‘z tikuvchilik sanoati bilan mashhur bo‘lsa-da, xomashyo bazasini to‘ldirishda O‘zbekistonning raqobatbardosh mahsulotlariga ehtiyojmand.
  • Qurilish materiallari: Mamlakatni qayta tiklash uchun elektrotexnika, kabel mahsulotlari va metallurgiya tovarlari hayotiy darajada muhim hisoblanadi.

Suriya yiliga o‘rtacha 1 milliard dollardan ortiq to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qiladi. O‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun bu – Arab dunyosiga va O‘rta yer dengizi portlariga chiqish uchun darvoza deganidir.

Forum doirasida nafaqat savdo, balki sanoat kooperatsiyasi, ya’ni hamkorlikda qo‘shma korxonalar ochish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Ayniqsa, farmatsevtika va qurilish sohalarida Suriya tomoni O‘zbekiston tajribasini qo‘llashga tayyor.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Suriyada 2 nafar doimiy savdo maslahatchisining tayinlanishi o‘zbek eksportyorlari uchun “yashil yo‘lak” vazifasini o‘taydi. Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri logistika zanjirlarini qurish va Markaziy Osiyo mahsulotlarini Yaqin Sharq bozoriga O‘rta yer dengizi portlari orqali olib chiqish imkonini beradi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya bozor O'zbekiston Markaziy Osiyo tadbirkorlar biznes-forum Savdo palata mahsulotlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing