O‘zbekiston sportida to‘ntarish! Kimlar kelib, kimlar ketdi?

Sport

image

Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimida ishlagan Umid Ahmadjonovning kursisi bo‘shagandan keyin aynan u tashkilotga olib kelgan bir qator shaxslar lavozimidan ketdi.
Jumladan, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining maslahatchisi lavozimida faoliyat olib borgan mashhur sharhlovchi Xayrulla Hamidov o‘z xoxishiga ko‘ra, ishdan bo‘shagan. Shuningdek, futbol jamoatchiligiga “agent” va jurnalist sifatida tanilgan San’at Sharipov ham O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasidan ketganligini ma’lum qildi.
“Bugun O‘FAdagi faoliyatimni o‘z hoxishim bilan yakunladim va ketishga qaror qildim. Masshtablarimiz har-xil ekan. Shu tashkilotda bir yil ishlash nasib etdi. 


Bahonada o‘zbek futbolini ichidan bilib oldim. Pulga sotib olib bo‘lmaydigan tajribaga ega bo‘ldim. Ana shu muddat ichida men bilan birga ishlaganlarga minnatdorlik bildiraman. O‘FAning yangi rahbariyatiga esa, omad tilayman. Yangi cho‘qqilarni zabt etish nasib etsin. Milliy terma jamoamizni JCHga, Olimpiya terma jamoasini esa, Tokio-2020ga chiqishini chin dildan tilab qolaman. Yaxshi va yomon gaplar uchun rozi bo‘lasizlar”, deya yozadi San’at Sharipov.
San’at Sharipov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida 2018 yilning 30 iyul kunidan beri maslahatchi sifatida faoliyat yuritib kelar edi.
Sport telekanalidagi sharhlovchi kasbini barchasidan ustun qo‘yishini aytgan Xayrulla Hamidov O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi almashgach, lavozimdan ketgan. Hamidovning aytishicha, ayni vaqtda unga O‘FAda ishlash taklifi tushgan. Sharhlovchi Qalampir.uz muxbirining “O‘FA taklifini qabul qilasizmi?” mavzusidagi savolni javobsiz qoldirdi.


Xayrulla Hamidov Sport telekanalidan tashqari, “Ma’daniyat va ma’rifat” telekanallari, “Oriyat Dono” radiosida boshlovchi sifatida ham faoliyat yuritib keladi.
O‘z vaqtida O‘FA va PFLni tanqidiy maqolalari bilan tinch qo‘ymagan jurnalist Diyor Imomxo‘jayev Bosh direktorning sport ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlayapti. U PFLdan Omon G‘ofurov ketgach lavozimda qolgan yagona xodimlardan biri hisoblanadi.


Joriy yilning 9 iyul kuni taniqli sharxlovchilardan biri Davron Fayziyev O‘FA matbuot va media departamentiga rahbarlik qilishi oydinlashgan edi.
O‘FAda rahbar almashgach, shuningdek, bir qator futbolchilar ham assotsiatsiyada ish boshladi. Gap yaqinda futbolchilik faoliyatini yakunlagan Azizbek Haydarov hamda O‘zbekiston terma jamoasiga Umid Ahmadjonov davrida vaqtincha murabbiy bo‘lgan Timur Kapadze haqida ketmoqda. Azizbek Haydarov O‘FA terma jamoalar bo‘limida ish boshladi, Timur Kapadze esa O‘FAning seleksiya ishlari bilan shug‘ullanadi. Kapadze bundan tashqari, “Paxtakor” yoshlar klubida bosh murabbiy bo‘lib ham ishlaydi.


Ma’lumki, 15 iyul kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdan tashqari Konferensiyasida O‘FA prezidenti, Vitse-prezidentlar va Ijroiya qo‘mitasi a’zolari saylandi.
Ya’ni, taniqli futbol hakami Ravshan Ermatov O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi Birinchi vitse-prezidenti lavozimiga saylandi. O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi vitse-prezidenti lavozimida Muhiddin Jo‘rayev ishlaydigan bo‘ldi. Zaldagi saylovchilar DXX rahbari Abdusalom Azimovni O‘FA prezidentligi lavozimiga saylashgani esa o‘zbek futbol jamoatchiligida katta shov-shuv bo‘lishiga sabab bo‘ldi. 
Endi Azimov va Ermatov O‘FAdagi xodimlarni “sortirovka” qilishmoqda. Chunki biz o‘z manbalarimiz orqali bilgan o‘zgarishlarni yuqorida qayd etib o‘tdik. O‘FA e’lon qilmagan va e’lon qilishni rejalashtirmayotgan o‘zgarishlar qancha ekan? Nega O‘FA Matbuot xizmati xodimlarning tayinlovini ommaga tarqatyapti-yu, lekin ishdan bo‘shatilgani, “o‘z hoxishiga ko‘ra ariza” yozib ketayotganini kamdan-kam e’lon qiladi. DXX rahbari Abdusalom Azimov korrupsiya botqog‘idan olib chiqishni niyat qilgan futbolni boshqaradigan assotsiatsiyaning so‘z erkinligi hukm surayotgan mamlakatda hali-hamon sirli ish tutishi qanchalik mantiqqa to‘g‘ri keladi?

2019 yilning 15 may kuni Toshkent shahar sobiq hokimi Rustam Shoabdurahmonov Milliy olimpiya qo‘mitasiga rahbar bo‘lgandan so‘ng, qo‘mita sayti va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida asosan sportchilar nomiga yozilgan quruq tabriknomalarni o‘qish mumkin. To‘g‘ri, Milliy olimpiya qo‘mitasida ham jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Ulardan eng asosiysi: Umid Ahmadjonovning “ishonganlaridan” biri Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi lavozimida ishlab kelgan Jasur Matchonov o‘z hoxishiga ko‘ra lavozimini tark etdi.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

95

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing