O‘zbekiston Slovakiya bilan ham strategik sherik bo‘ldi
Jamiyat
−
09 iyun 3134 2 daqiqa
O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov bugun, 9 iyun kuni ommaviy axborot vositalari vakillari uchun o‘tkazgan brifingda ma’lum qildi.
Ma’lumki, Slovakiya Respublikasi Bosh vaziri Robert Fitso kecha, 8 iyun kuni kechqurun O‘zbekistonga kelgandi. Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Bugun, 9 iyun kuni u “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi. Yuqori martabali mehmon boshchiligidagi Slovakiya delegatsiyasi vakillariga majmuaning me’moriy yechimlari hamda kompozitsiyasining mazmun-mohiyati va xususiyatlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Fitsoga O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev hamrohlik qildi.
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Slovakiya Respublikasi Bosh vaziri Robert Fitsoni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.
Shundan so‘ng, Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya Respublikasi Bosh vaziri Robert Fitsoning muzokaralari bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Uchrashuv avvalida Mirziyoyev ushbu tashrif ko‘p qirrali O‘zbekiston-Slovakiya munosabatlari tarixida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berishini alohida ta’kidlagan.
Fitso IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 mart kuni Yelisey saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning muzokaralari bo‘lib o‘tgandi va ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida tarixiy qaror imzolangandi. 20 may kuni esa Vengriyaning Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban “Kengaytirilgan strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida”gi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr