O‘zbekiston Rossiyaga ham gumanitar yordam jo‘natdi
Jamiyat
−
31 avgust 2023 20495 1 daqiqa
O‘zbekistonning davlat, jamoat va nodavlat tashkilotlari tomonidan Rossiyaning Belgorod viloyatiga 12 tonna insonparvarlik yordami jo‘natildi. Bu haqda kecha, 30 avgust kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi.
Uning aytishicha, joriy yilning 26 avgust kuni og‘irligi taxminan 12 tonna bo‘lgan gumanitar yuk Belgorod viloyatining Shebekinskiy tumani aholisiga yetkazilgan. Yukda bolalar va kattalar kiyim-kechaklari va poyabzallari, dori-darmonlar, shuningdek, birinchi sinf o‘quvchilari uchun maktab to‘plamlari mavjud.
“Rossiya tomoni O‘zbekiston rahbariyati va uning fuqarolariga ikki mamlakat o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik an’analariga, har tomonlama strategik sheriklikka asoslangan munosabatlarning yuksak darajasini aks ettiruvchi ushbu xayrixohlik uchun chuqur minnatdorlik bildiradi”, deyiladi Zaxarovaning bayonotida.
Ma’lumot uchun, Belgorod viloyati Ukraina bilan chegaradosh sanaladi. Urush sharoitida viloyat tez-tez o‘qqa tutiladi. Xususan, joriy yilning 28 avgustida ham Belgorod viloyati uzra Ukraina Qurolli Kuchlariga qarashli uchuvchisiz samolyot urib tushirilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston tadbirkorlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan yig‘ilgan 10,5 tonna gumanitar yordam Ukrainaga jo‘natilgandi.
Live
Barchasi