O‘zbekiston Rossiya bilan neft-gaz hamkorligini kengaytirmoqchiligi tasdiqlandi
Jamiyat
−
04 yanvar 2023
9183O‘zbekiston Rossiya neft-gaz sohasidagi hamkorlikni kengaytirish niyatida. Ushbu masala bugun, 4 yanvar kuni Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin o‘rtasidagi telefon muloqotida ko‘tarilgan mavzulardan biri bo‘lgan. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, suhbatda O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
“Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning rivojlanish sur’ati, shu jumladan o‘zaro tovar ayirboshlash ortayotgani, O‘zbekiston va Rossiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qo‘shma korxona va kooperatsiya loyihalari soni oshayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasidagi faol muloqotlarni davom ettirish, shu maqsadda har yili Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro ko‘rgazmasi hamda O‘zbekiston-Rossiya Hududlar forumi imkoniyatlarini samarali ishga solish muhimligi ta’kidlandi”, deyiiladi rasmiy Toshkent xabarida.
Shuningdek, muloqotda neft-gaz sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Shavkat Mirziyoyev 2022 yilning 26-27 dekabr kunlari Sankt-Peterburg shahrida o‘tgan MDH norasmiy sammitining samarali natijalarini yuksak baholagan.
“O‘zbekiston va Rossiya yetakchilarining telefon orqali muloqoti har doimgidek samimiy, do‘stona va amaliy ruhda o‘tdi”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi