O‘zbekiston rahbari G‘azo va Ukrainadagi vaziyatga to‘xtaldi

Olam

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ukraina va G‘azoda ro‘y berayotgan voqealarga to‘xtalib, bu harakatlarga nuqta qo‘yish kerakligini ta’kidladi. Bu haqda davlat rahbari kecha, 23 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi nutqida aytib o‘tdi. 

Prezident G‘azo sektoridagi tobora yomonlashib borayotgan gumanitar inqiroz haqida gapirar ekan, harbiy harakatlarni to‘xtatish va siyosiy muzokaralarni davom ettirishga chaqirgan.

“Biz BMT rezolyutsiyalariga muvofiq, “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini amalga oshirishning qat’iy tarafdorimiz”, degan Mirziyoyev BMT minbarida turib. 

Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi Ukraina atrofidagi vaziyat ham barchani jiddiy tashvishga solayotganini qayd etib, bu muammoni diplomatik yo‘llar bilan hal etish bo‘yicha yuqori darajadagi muloqotlar boshlanganini olqishlagan.

Davlat rahbari barchaning barqaror taraqqiyotini ta’minlash haqida so‘z yuritilar ekan, mamlakatlar o‘rtasida raqamli rivojlanish va sun’iy intellektdan foydalanishda tengsizlikning oldini olish juda muhim ekaniga e’tibor qaratgan. Shu ma’noda, sog‘liqni saqlash, ta’lim va madaniyat sohalarida sun’iy intellektning amaliy yechimlari va modellarini beg‘araz almashishga qaratilgan xalqaro hamkorlik mexanizmini yaratish taklif etilgan.

Qayd etish joiz, BMTning ushbu tadbiri arafasida asosiy e’tibor G‘azodagi vaziyatga qaratilmoqda. O‘nlab Yevropa mamlakatlari tadbir doirasida Falastin davlatini rasman tan oldi, Prezidentlar qon to‘kishni to‘xtatish uchun o‘zaro maslahatlashuvlar o‘tkazmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, sessiyadagi nutqida Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston xalqining tinch va osuda hayotga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirishga chaqirib, bu davlatning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik o‘ta muhimligini ta’kidlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Ukraina G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing