O‘zbekiston-Iroq o‘yini vaqtida jurnalist kaltaklandi
Jamiyat
−
12 iyun 2022
22214Xabaringiz bor, kecha, 11 iyun kuni Toshkentdagi “Paxtakor” stadionida U-23 Osiyo kubogining chorak finali doirasida O‘zbekiston termasi Iroq milliy jamoasiga qarshi o‘yin o‘tkazdi va penaltilar seriyasida ustun kelib, yarim finalga chiqdi.
QALAMPIR.UZ’ga yetib kelgan ma’lumotlarga qaraganda, mazkur o‘yin vaqtida “Sevimli” telekanali operatori og‘ir jarohat olgan va Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markaziga olib borilgan. OAV vakillari orasidagi tasdiqlanmagan gap-so‘zlarga ko‘ra, uni ichki ishlar organlari xodimlari kaltaklagan.
Muxbirimiz bu ma’lumotga aniqlik kiritish uchun IIV Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov bilan bog‘landi. Mutasaddining aniqlik kiritishicha, kechagi o‘yinga kelgan barcha tomoshabinlarga joy yetmagani uchun tashqarida qolgan fuqarolar mojaro chiqargan. Telekanal operatori ham shu vaqtda jabrlangan bo‘lishi mumkin.
“Fuqarolar kiraman deb janjal qilgan. Tuman bo‘limiga kaltak yeganlardan birini olib kelishgan. U operator ekan. Uni odamlar urgan, janjal orasida qolib ketgan. Ichki ishlar xodimlari uni nega ursin?! Xodimlar uni tezda “skoriy”ga topshirgan”, deydi G‘iyosov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda holat bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlangan. Operatorni kim kaltaklagani ham o‘rganiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot kotibi Furqat Sanayevning QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qilishicha, operator yigitga shifokorlar birinchi tez tibbiy yordamni ko‘rsatib, unga jag‘ sinishi tashxisini qo‘ygan. Unga plastik jarrohga murojaat qilish tavsiya etilgan. Hozircha operator shifokorga murojaat qilmagan va ayni vaqtda uyida bo‘lib turibdi.
Shuningdek, O‘zbekiston-Iroq o‘yinini yoritish uchun borgan Uznews nashri fotomuxbiri ham muxlislar tomonidan otilgan toshdan jarohatlangan. Tosh tegib, hushini yo‘qotgan fotomuxbir Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markaziga jo‘natilgan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr