O‘zbekiston orqali evakuatsiya qilinayotgan afg‘onistonlik ayol o‘g‘il farzand ko‘rdi

Jamiyat

image

Bugun, 21 avgust kuni 1999 yilda tug‘ilgan afg‘onistonlik fuqaro Toshkent shahar 4-son klinik shifoxonasida farzandli bo‘ldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi

Qayd etilishicha, bugun, 21 avgust kuni afg‘onistonlik ayol E. A. “Homiladorlik 1. Tug‘ruq 1. 39-40 hafta.” tashxisi bilan tez tibbiy yordam brigadasi orqali I.Irgashev nomidagi Toshkent shahar 4-son klinik shifoxonasining tug‘ruq bo‘limiga yotqizilgan. 

Ma’lum bo‘lishicha, 22 yoshli E.A. ushbu muassasada ilk farzandini dunyoga keltirgan. Afg‘onistonlik yosh ona 3 kilogramm 840 gramm vazn bilan tug‘ilgan o‘g‘lini o‘zbekistonlik shifokorlar yordamida qo‘liga olgan. Xabarga ko‘ra, u ma’lum muddat mutaxassislar nazoratida bo‘lib turadi.

“Afg‘onistondan parvozlar amalga oshirilayotgan aeroportning o‘zida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiy punkt tashkil etilgan bo‘lib, unga tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari hamda  Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasidan brigada navbatchilari jalb etilgan. Tibbiy yordamga ehtiyoj sezgan insonlarga zarur xizmatlar ko‘rsatilmoqda”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 avgust kuni Toshkent-3 mahalliy aeroporti vaqtinchalik yopildi. Keyinroq bu xorijlik fuqarolarni Afg‘onistondan evakuatsiya qilish bilan bog‘liqligi ma’lum bo‘ldi

O‘tgan bir necha kun mobaynida O‘zbekiston hududi orqali xorijiy davlatlarning 1982 fuqarosi evakuatsiya qilindi. Ushbu jarayonlarda Toshkent-3 mahalliy aeroporti tranzit vazifasini o‘tamoqda. Qayd etish kerakki, Afg‘onistonni minglab odamlarning tark etishiga so‘nggi bir necha haftada mamlakatda yuzaga kelgan siyosiy va harbiy inqiroz sabab bo‘lmoqda. 

20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH

2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. 

Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi

Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

145

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing