O‘zbekiston ochlik darajasi past davlatlardan biri bo‘ldi
Jamiyat
−
15 Oktabr
64212024 yil uchun xalqaro miqyosdagi ochlik indeksida O‘zbekiston 5 dan past ball bilan 22-o‘rinni egalladi. Bu haqda Global Hunger Index nashri ma’lum qildi.
Ushbu 2024 yil uchun e’lon qilingan reytingda 127 ta davlat ishtirok etgan. Unda yakuniy ball qanchalik past bo‘lsa, mamlakatda to‘yib ovqatlanmaydigan fuqarolar soni shunchalik kam bo‘ladi. Tadqiqotga to‘rtta mezon asos qilib olingan bo‘lib, asosan, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ozib ketish holatlari, bo‘yi o‘sishdan to‘xtashi, o‘limi va aholining to‘yib ovqatlanmasligi inobatga olinadi.
Reytingda 5 balldan kam to‘plagan 22 ta davlat yetakchilik qildi. Ular qatorida O‘zbekiston ham bor. Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, O‘zbekistonda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 6,5 foizi to‘yib ovqatlanmaslik tufayli bo‘y o‘sishidan orqada qolmoqda, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 2,4 foizi ozg‘in, 1,3 foizi esa besh yoshga to‘lguncha vafot etmoqda.
Markaziy Osiyoning qolgan respublikalari quyidagi o‘rinlarni egallagan:
Qozog‘iston – 5,3 ball 25-o‘rin;
Qirg‘iziston – 6,8 ball 36-o‘rin;
Turkmaniston – 9,5 ball 50-o‘rin;
Tojikiston – 13,7 ball 65-o‘rin.
Ushbu mamlakatlarning deyarli barchasi ocharchilik darajasi “past” bo‘lganlar qatorida, faqat Tojikiston “o‘rtacha” toifada.
Ochlik muammosi bo‘lmagan top-10 mamlakat qatoriga Belarus, Bosniya i Gersegovina, Chili, Xitoy, Kosta-Rika, Xorvatiya, Estoniya, Gruziya, Vengriya, Quvayt kiradi. Ocharchilik yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan esa Janubiy Sudan, Burundi, Somali, Yaman, Chad joy egallagan.
Ochlik muammosi past bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatida bo‘lish O‘zbekiston uchun ijobiy ko‘rsatkich hisoblansa-da, shu bilan bir qatorda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasidagi oziq-ovqat yetishmasligi bilan bog‘liq muammolarning mavjudligini ko‘rsatadi.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi