O‘zbekiston Messi yetakchiligidagi Argentina bilan o‘ynashi mumkin
Sport
−
19:09 762 2 daqiqa
O‘zbekiston milliy terma jamoasi joriy yilning 30 sentyabr kuni 2022 yilgi jahon chempioni va 2026 yilgi jahon chempionati finalchisi Argentina terma jamoa bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi mumkin. Bu haqda “Sina Sports” nashri xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Argentina terma jamoasi 2026 yil sentyabr-oktyabr oylaridagi xalqaro o‘yinlar oynasida Xitoyga borib, ikkita o‘rtoqlik uchrashuvida ishtirok etishi rejalashtirilgan. Ularning dastlabkisi joriy yilning 30 sentyabr kuni O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi o‘tkazilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, Argentina futbol assotsiatsiyasi va Xitoy tomonidan uchrashuv hozircha rasman tasdiqlanmagani qayd etilgan. Shu sababli, o‘yin sanasi va o‘tkazilish joyi o‘zgarishi yoki uchrashuv bekor qilinishi ham mumkin.
“Sina Sports” ma’lumotiga ko‘ra, Argentina terma jamoasi sentyabr-oktyabr oylaridagi xalqaro tanaffusdan Osiyodagi ikki o‘rtoqlik uchrashuvi uchun foydalanishni rejalashtirmoqda.
Agar bahs rasman tasdiqlansa, bu O‘zbekiston terma jamoasi uchun 2027 yilgi Osiyo kubogiga tayyorgarlik jarayonidagi muhim o‘rtoqlik uchrashuvlaridan biri bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, avvalroq O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro ham jahon chempionatiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida bir qator kuchli terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar davom etayotganini ma’lum qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Janubiy Koreya bilan ham o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi haqida xabar berilgandi. Hozircha bu uchrashuvning ham joyi va sanasi ma’lum emas. Agar yuqoridagi ma’lumotlar tasdiqlansa bu uchrashuvning ham Xitoyda o‘tish ehtimoli juda yuqori.