O‘zbekiston maymun chechagi kirmasligi uchun nima qilyapti?
Salomatlik
−
03 iyun 2022
8873O‘zbekistonda hozircha maymun chechagi bilan kasallanish holati qayd etilmadi. Bu haqda “Maymun chechagi kasalligiga qarshi ko‘rilayotgan epidemiologik chora-tadbirlar” mavzusida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
Mutaxassisga ko‘ra, kasallikning respublika hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida qator ishlar boshlab yuborilgan.
Kasallik bo‘yicha shifokor va tibbiyot xodimlariga zamonaviy bilim, xalqaro miqyosda erishilgan ilg‘or tajriba, ko‘nikmalarni va tadqiqot natijalarini yetkazish hamda shu yo‘l bilan qarshi kurash choralari, uning epidemiologik nazorati, davolash usullari, profilaktikasi sifatini yaxshilash hamda ushbu infeksiyaning odamlarga bo‘lgan xavfini kamaytirish maqsadida “Maymun chechagi uslubiy qo‘llanmasi” loyihasi tayyorlangan.
Sog‘liqni saqlash tizimining barcha ma’muriy hududlarida maymun chechagi kasalligining kirib kelishi va tarqalishini oldini olish bo‘yicha hamkor tashkilotlar ishtirokida o‘quv taktik mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda xalqaro terrorizm ildiz otayotgan bir davrda ayrim davlatlar yoki bo‘lmasa terroristik guruhlar tomonidan chin chechak va maymun chechagi viruslarining biologik qurol sifatida ishlatilishi ham ehtimoldan xoli emas. Shunday ekan, maymun chechagi epidemiyasi paytida bemorlar bilan yaqin aloqada bo‘lish maymun chechagi virusini yuqtirish uchun xavfli omil hisoblanadi.
Maymun chechagi tabiiy o‘choqli, virus qo‘zg‘atadigan zoonoz kasallik hisoblanib, I-guruh patogen infeksiyalar guruhiga kiritilgan, o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir.
Kasallik yuqqanda et uvishish, qaltirash, tana haroratining ko‘tarilishi, limfa bezlarining kattalashishi va xuddi chin chechagidek terida toshmalar toshishi kuzatiladi. Maymun chechagi kasalligida maxsus davolash usullari ishlab chiqilmagan. Davolash simptomatik olib boriladi.
LiveBarchasi